1. Hazrati Odam alayhissalom
Janobi Haq olamni bor qilub, Otamiz Odam alayhissalomni loydin yaratub, jon berdi. Farishtalarni Hazrati Odamga sajda qilurg‘a buyurdi. Farishtalar sajda qilub, Iblis sajda qilmadi. Shul sababli Allohu taolo dargohindan quvlanub, mal’un o‘lub, Odam bolalariga dushman bo‘ldi. So‘ngra Janobi Haq Hazrati Odamning chab qobirg‘alarindin Anomiz Havvoni yaratub, ikkilarini jannatga qo‘yub, «bug‘doydin yemangiz», — dedi. Dushman Shayton bir hiyla ila jannatga kirub, vasvasa qilub: «agar bug‘doydin yesangiz, doim jannatda qolursiz», — deb aldab, ikkilarin ham yedurdi. Shul sababli Janobi Haq alarni jannatdin yerga tushurdi. Hazrati Odam Hindistonga yaqin Sarandib otasiga (yurtiga) Hazrati Havvo Makkai mukarrama yonindagi Jadda tog‘iga tushdilar.
Hazrati Odam jannatdin chiqqanlariga ko‘b vaqt yig‘lab, qilg‘an gunohlariga tavba qildilar. Haq taolo tavbalarini qabul qilub, «Makkaga bor!» — deb amr qildi. Makkaga borub, Hazrati Havvo ila topishub, birga yashadilar. Anomiz Momo Havvo har tug‘ushda bir qiz, bir o‘g‘ul tug‘ub, faqat Shis alayhissalomni yolg‘uz tug‘dilar.