27. Zuhuri Dini Mubini Islom

Oxir zamonda Arabiston sahrosindin dini Islomning chiqishi, Hazrati Ismoil urug‘indin Muhammad alayhissalomni tug‘ulishlari Tavrot, Injil, Zabur kabi osmon kitoblarinda yozilmish edi. O’tgan payg‘ambarlardin ba’zilari payg‘ambarimizning vasfu ta’riflarini bayon qilgan edilar.

Arabiston Osiyo qit’asining g‘arbi-janubinda katta yarim ota(orol)durki, ul yerda avvaldin beri arablar yashamoqdadurlar. Arablar bo‘lsa Hazrati Nuhning Som ismli o‘g‘lining naslindin tarqalub, arabi boida, arabi oriba, arabi musta’raba ismli uch firqaga bo‘lunmishlar. Boida arablari Hazrati Hud va Lut zamonlaridagi Od va Samud qavmlaridurki, onlardin ma’lumoti tarixiya yo‘q kabidur. Oriba arablari esa Bani Qaht qabilasindin bo‘lub, eski zamonlarda Yamanda Bani Xamir ismli bir zo‘r hukumat qurub, Sabo shahri poytaxtlari bo‘lub, ikki ming yildin ortiq yurt so‘ramishlar. Musta’raba arablari esa Arabiston qit’asinda Hazrati Ismoilning Jarham qabilasindin olgan xotunlarindin tarqalgan kishilardur. Bu arablar hozirdagi kabi savdogar va qo‘ychilik ila kasb va maishat qilur edilar. Lekin avvalda Ibrohim alayhissalomni shariatlari uzra amal qilsalar ham, so‘ngra e’tiqodlari buzuldi. Butlarga ibodat qiladurg‘on bo‘ldilar. Har qabilaning o‘ziga qarashlik sanamlari bor edi. Tavrot va Injillarga amal qilg‘uvchilar oz edilar.

Quraysh qabilasi arabi musta’rabadin bo‘lub, Makkai mukarramaning eski odamlari ham nasab va boylikda boshqa firqalardin ilgari edilar. Ka’bai muazzamaning xizmati qo‘llarinda bo‘ldig‘indin barcha firqalardin ustun hisoblanur edilar.

Arablar Ka’bai muazzamani bino qiling‘andin beri muqaddas qiblagoh sanab aziz tutsalar ham, bu vaqtlarda ichlariga va atroflariga butlar qo‘ymishlar edi. Har yil haj vaqtida ziyorat uchun har yerdin odamlar kelishub, qurbonlar kesishub, Zulqa’da oyinda Makkaga yaqin Akkoz ismli yerda bir maydon qurilub, ulug‘ bozor bo‘lur edi. Har tarafdin kelgan xatiblar xutbalar so‘zlab va shoirlar arosinda she’r yozishlari bo‘lur edi. Ustun bo‘lgan shoirlar ofarinlar olub, she’ri Ka’ba devorina osilur edi. Ul vaqtlarda Ka’ba devoriga osilmish yetti qasida bor ediki, onlarga «Muallaqoti sab’a» deyilurdi.