28. Voqeai Ashobi Fil
Yamanda hukumat surgan Bani Xamir davlati bir vaqt habashlar tarafindin buzilub, Yaman qit’asi habashlar qo‘lina kirdi. Habash podshohi Abraha San’o degan yerga bir butxona soldirdi. Bundin murodi arablarni Ka’batulloh ziyoratindin qaytarub, bu butxonaga keturmak edi.
Arablar bu yil Ka’ba ziyoratiga boruvlarinda yo‘lda yangi soling‘an butxonani ko‘rdilar. Kirub ibodat qilmak bir tarafda tursun, haqorat birla boqub, arolarindin biri ul butxonaga kirub, najaslab ketdi. Bu ishga Abrahaning achchig‘i chiqub, Ka’bani vayron qilmoq uchun askar birla Makkaga qarab yurdi. Janobi Haq Ka’bai muazzamani saqlab, Abraha askariga Abobil ismli qushlarni yubordi. Ul qushlar og‘izlarinda va oyoqlarinda mayda toshlar keturub, Abraha askarining ustlariga yamg‘ur kabi yog‘durub, barchasini halok qildilar.
Abraha askarinda xosiyatlik bir fil bor edi. Ul fil ila qaysi urushga borsalar, ustun bo‘lmoqni e’tiqodinda edilar. Bir necha martaba tajriba ham qilg‘an edilar. Makkaga yaqin kelganda fil ilgari yurmasdin, yerga cho‘kdi. Makka tarafiga yuritmak uchun harakat qilsalar yurmasdin, boshin boshqa tarafga bursalar, darhol sakrab yurub ketar edi. Shul voqeani «Voqeayi ashobi fil», shul yilni «Fil yili» deyilur. Shul vaqtlarda Kuraysh qabilasining boshlig‘i payg‘ambarimizning bobolari Abdul Mutallib edilar. Bu voqea sanai milodiyning 571 yilinda edi.