34. Risolati Rasuli Akram
Faxri olam afandimiz hazratlariga 40 yoshlarinda Hazrati Jabroil orqali Allohu taolo tarafindin vahiy keldi. Payg‘ambarliklari hammaga ma’lum bo‘ldi. Ohista-ohista Makka xalqini imonga chaqira boshladilar. Janobi Haq tarafindin avval martaba Iqra’ bismi rabbikallaziy xalaq oyati (Qur’on. Alaq surasi, 1-oyat.) (oxirigacha) nozil bo‘lub, Janobi Haq hammadan avval o‘quv ila amr etmishdur (tarjimasi: Yaratgan rabbing nomi bilan o‘qi!).
Qur’oni Karim 23 yil ichinda bo‘lak-bo‘lak vahiy bo‘lub kelib tamom bo‘ldi.
Eng avval xotunlardin Xadicha, erlardin Abu Bakr Siddiq, bolalardin Hazrati Ali, ozod qullardin Zayd bin Horis, ozod cho‘rilardin Ummi Ayman musulmon bo‘ldilar. Bulardin so‘ngra Usmon bin Affon, Zubayr binnul Avvom, Abdurahmon bin Avf, Sa’d bin Abu Vaqqos, Talxa bin Abdulloh, Abdulloh bin Mas’ud va boshqa bir necha ulug‘ kishilar dini islom ila musharraf bo‘ldilar.
Nubuvvatning to‘rtinchi yilinda oshkora dini islomga chaqirish boshlanub, Fasda’ bimo tu’maru va a’riz anil mushrikin (tarjimasi: «Bas, siz o‘zingizga buyurilgan ishni ya’ni, haq dinga da’vat qilishni yuzaga chiqaring va mushriklardin yuzo‘giring!») oyati nozil bo‘ldi (Qur’on. Hijr surasi, 94-oyat.).
Mushriklar esa Faxri olam afandimiz va sahobalarina izo va jafo, tahqir va masxara qilurg‘a boshladilar. Mushriklarni jafolarina sabr qilolmay, Faxri olam afandimizni ruxsatlari ila musulmonlardin 12 er va 4 xotundin iborat sahobalar piyoda hollarinda Habash yurtina hijrat qildilar. Bahri Ahmardin o‘tub, Habash podshohi Najjoshiy yoniga borub sig‘indilar .
Makkada esa mushriklar bir tarafdin izo va jafolarin ortdurmoqda, ikkinchi tarafdin dini islom ila musharraf bo‘luvchilar ko‘paymoqda edi. Quraysh ulug‘laridin Hazrati Umar ham imon keturdilar. Makkada hijrat qilguvchilardin boshqa musulmonlarni adadlari 40 ga yetdi. Bu vaqtdin diniy ibodatlarni oshkora o‘qumoqg‘a boshladilar.
Habashga hijrat qilguvchilar uch oy miqdori turub, Makkada kengchi bo‘ldi deb eshitub, jonlarindin sevikli vatanlariga qaytub keldilar. Mushriklar esa hamon kundin kun izo va jafolarin ortdurmoqda edilar. Bir kun Abu Jahl bosh bo‘lub, bir necha mushriklar ila Abu Tolibga borub: «Muhammadni himoya qilma, bizni ota-bobolarimizdin qolg‘on odatlarimizni buzdi, biz ani bilganimizni qilurmiz», -dedilar. Bu so‘zga Abu Tolib quloq solmaganlari uchun mushriklar o‘zaro axd qilishub, musulmonlar ila so‘zlashmasga, bozorlarda olish-berish qilmasga, qiz olub qiz bermasga, Muhammad alayhissalomni tutub bermasalar yarashmasga qaror berdilar. Bir ahdnoma yozub, mushriklardin bir nechasi muhrlarin bosub, Ka’ba devorina osdilar. Shul kundin boshlab avlodi Bani Hoshim musulmon va kofirlari ham uch yil mikdori Abu Tolib mahallasida qamalgan kishilar kabi turdilar. Mana ushbu vaqt musulmonlarga Makkada kun kechurmak ehtimoli qolmadi.