45. Vafoti Faxri Olam
Hijratning o‘n birinchi yili Faxri olam afandimiz hazratlari kasal bo‘lub, hollari kundin kun og‘irlashmakda edi. Bu holdin sahobalar xabardor bo‘lub, hammalari masjidi sharifga yig‘ildilar. Rasuli akram (s.a.v.) afandimizni bir necha sahobalar suyab, masjidi sharifga olib chiqdilar. Minbar uzra o‘turub, totli nasihatlar qilub, imom bo‘lub, peshin namozin ado qildilar. Namozdin so‘ng yana minbar uzra chiqub, va’zu nasihat qilub, Abu Bakr Siddiq hazratlarin imomat uchun ta’yin qildilar. So‘zlarindagi ishorat va holi muboraklarindin tezdin bu dunyodin oxiratga ko‘chishlari ma’lum edi.
Arodin bir necha kun o‘tub, rabbi ul-avval oyini o‘n ikkinchi kunida dushanba kuni Madina shahrinda 63 yoshlarinda ajal sharbatini ichub, dunyodin o‘tdilar. Olam ko‘zini visoli muboraklarindin mahrum qilub, ikkinchi kuni ko‘mildilar. Qabri shariflari Madinai munavvara shahrinda, ravzai mutahharadagi masjidi sharif ichinda, hujrai saodatdadur.