52. Xilofati Hazrati Ali
Hazrati Usmondin so‘ngra Hazrati Ali xalifa bo‘ldilar. Bu vaqt musulmonlar ikkiga bo‘linub, biri Hazrati Aliga itoat qilub, biri «Hazrati Usmonni(ng) o‘ldurgan kishilardin Hazrati Ali o‘ch olmadi, alar birla urush qilmadi» deb Hazrati Aliga dushman bo‘lub, teskari harakatda bo‘ldilar. Bularni arosinda Hazrati Oyisha, Talha, Zubayr binnul Avvomlar bor edilar. Hazrati Ali bularga har qancha nasihat qilsalar ham quloq solmadilar. Ikki aroda zo‘r urush paydo bo‘ldi. Ikki tarafdin o‘n mingdin ziyod musulmon o‘ldi. Oxirda Hazrati Ali taraflari g‘olib bo‘ldi. Bu voqea «Jamal voqeasi» deb atalur.
Shom valiysi Muoviya ham Hazrati Aliga bo‘ysunmadi. Shul sababli Hazrati Ali askar birla Safin ismli yerga borub, Muoviya askari birla urush qildilar. Hazrati Ali taraf g‘olib bo‘lgon zamonda Muoviya tarafi hiyla qilub, nayzalarin uchiga Qur’oni karim osub, Hazrati Ali Askarlarin yarashmoqg‘a taklif qildilar. Oxirda ikki tarafdin ikki kishi saylab, shul kishilarni hukmlariga ikki taraf ham rozi bo‘lmoqchi bo‘ldilar. Shul vaqt Muoviya tarafi hiyla qilub, yolgondin «Hazrati Ali tarafi Muoviyani xalifalikg‘a qabul qildi» deb shovqun soldi. Yana ikki aroda so‘z ko‘payub, janjallari bir yog‘lik bo‘lmay, ikki taraf o‘z shaharlariga qaytdilar. Bu voqea «Hukmayn voqeasi» deb atalur.
So‘ngra musulmonlar ichindin bir firqa chiqub, o‘zaro kengash qilub, «Xalifalarni o‘ldursak, musulmonlar arosinda fitna va urush bo‘lmas, xalq tinchlanur» deb uch kishini ta’yin qildilar. Biri Shomga borub, Muoviyani qilich birla urub yarador qildi. Ikkinchisi misrga borub, Amr ibn Al Os deb boshqa kishini o‘ldurdi. Uchinchisi Abdurahmon ibn Muljam ismli kishi erdi, borub Kufa masjidinda Hazrati Alini namoz o‘kub turgan zamonlarinda qilich birla urub shahid qildi.
Hazrati Ali 5 yil miqdori xalifalik qilub, 63 yoshlarinda, hijratning 40-yilinda 17-ramazonda vafot bo‘ldilar. Qabri shariflari Kufaga yaqin Najafi ashraf shahrindadur.
Hazrati Alidin so‘ngra Hazrati Imom Hasan 7 oy miqdori xalifalik qilub, so‘ngra bir necha shartlar ila xalifalikni Muoviyaga topshurdilar. Hazrati Imom Hasan 46 yoshlarinda, hijratning 50-yilinda o‘z xotunlari tarafindin zahar ichub shahid bo‘ldilar (Raziyallohu anhum husnurrizo).