Bozordagi usta

Otabek radioni xonasiga olib chiqdi. Orqa qopqog‘ini ochganda ichida kichkina shisha lampalar, sim chuvalchanglari va qalin chang ko‘rindi. Internetdan ma’lum bo‘ldiki, bu lampali radio bo‘lib, uni tuzatadigan odam juda kam qolgan ekan.

Shanba kuni u radioni velosipedining orqasiga bog‘lab, bozorning eski elektronika rastasiga olib bordi. Rastalar orasida telefon zaryadlovchilari va naushniklar sotilardi, eski radio esa hammaning e’tiborini tortdi.

— Buni hech kim tuzatmaydi, uka, — dedi bir sotuvchi. — Zapchasti topilmaydi.

— Sobir akaga borib ko‘r, — dedi ikkinchisi. — Rastaning oxirida, soatlar yonida o‘tiradi. U eski narsalarni yaxshi ko‘radi.

Sobir aka oppoq mo‘ylovli, qo‘llari doim kavsharlagich hidini taratadigan odam ekan. U radioni ko‘rib, xuddi eski tanishini uchratgandek, ko‘zoynagini peshonasiga ko‘tardi.

— Oho! Bu juda yaxshi radio, — dedi u. — Men yoshligimda bunaqasini o‘zim yig‘ganman. Bitta lampasi kuygan, kondensatorlari qurib qolgan. Qiyin, lekin bo‘ladi.

— Qancha turadi? — so‘radi Otabek cho‘ntagidagi pulni o‘ylab.

Sobir aka uni boshdan-oyoq kuzatdi.

— Pul shart emas. Ikki hafta har kuni darsdan keyin kelib, menga yordam berasan. Kavsharlashni o‘rganasan. Shu bilan hisob.