Ip va tosh

Bilgo tahririyati

Ayvondagi mayatnik

Elyorlarning ayvonida, shiftdagi to‘sinda bir oydan beri ipga bog‘langan tosh osilib turardi. Onasi avvaliga urishdi, keyin ko‘nikdi. Qo‘shnilar esa kelganda tosh tomon ishora qilib, sekin so‘rashardi: «Bu bolaga nima bo‘lgan?»

Elyorga hech narsa bo‘lmagan edi. U shunchaki fizika darsligidagi bir jumlaga ishonmay qolgandi: «Mayatnikning tebranish davri yukning massasiga bog‘liq emas». Qanday qilib bog‘liq bo‘lmasin? Og‘ir tosh yengil toshdan boshqacha tebranishi kerak-ku!

U ikki xil tosh, uch xil uzunlikdagi ip va akasidan qolgan eski sekundomerli soatni oldi. Har tajribani o‘n marta takrorlab, natijalarni daftarga yozdi. Kitob haq chiqdi. Elyor esa hayratdan bir kecha uxlay olmadi.

Ertasi kuni u daftarni fizika o‘qituvchisi Normat domlaga ko‘rsatdi. Normat domla qishloq maktabida qirq yildan beri dars berardi, ko‘zoynagi burnining uchida turar, gapirganda har so‘zini tarozida tortgandek gapirardi.

— Kitobga ishonmading-a? — so‘radi u daftarni varaqlab.

— Ishonmadim, — tan oldi Elyor.

— Yaxshi, — domla ko‘zoynagi ustidan unga qaradi. — Fizika ishonmaydiganlar uchun yaratilgan. Olimpiadaga qatnashasanmi?