AsosiyFanlarKitoblarReyting
Qo‘llab-quvvatlash

O‘quvchilar va abituriyentlar uchun bepul testlar va kitoblar. Testlar doim bepul.

Loyihani qo‘llab-quvvatlash

Platforma

  • Fanlar
  • Kitoblar
  • Reyting
  • Kabinet

Loyiha

  • Qo‘llab-quvvatlash
  • Telegram: @bilgo_uz_bot

Huquqiy

  • Maxfiylik siyosati
  • Foydalanish shartlari
  • Hisobni o‘chirish

© 2026 Bilgo · Barcha huquqlar himoyalangan

AsosiyFanlarKitoblarReyting
← Lev Tolstoy: hikoyalar2 / 4

Odamlar nima bilan tirik

Biz bilamizki, o‘limdan hayotga o‘tdik, chunki birodarlarimizni sevamiz; birodarini sevmagan kishi o‘limda qoladi. (Yuhannoning 1-maktubi, 3:14)

Kimki dunyo ne’matiga ega bo‘la turib, birodarini muhtojlikda ko‘rsa-yu, undan yuragini berkitsa, Xudoning muhabbati unda qanday qolsin? (3:17)

Bolalarim! Keling, so‘z yoki til bilan emas, amal va haqiqat bilan sevaylik. (3:18)

...Muhabbat Xudodandir, va har bir sevuvchi Xudodan tug‘ilgan va Xudoni taniydi. (4:7)

Sevmagan kishi Xudoni tanimagan, chunki Xudo — muhabbatdir. (4:8)

Xudoni hech kim hech qachon ko‘rmagan. Agar bir-birimizni sevsak, Xudo bizda qoladi. (4:12)

Xudo — muhabbatdir, muhabbatda qolgan kishi Xudoda qoladi, Xudo ham unda. (4:16)

Kimki: «Men Xudoni sevaman», — desa-yu, birodarini yomon ko‘rsa, u yolg‘onchidir: ko‘rib turgan birodarini sevmagan kishi ko‘rmagan Xudoni qanday seva oladi? (4:20)

I

Bir etikdo‘z xotini va bolalari bilan bir dehqonning uyida ijarada yashardi. Na o‘z uyi, na yeri bor edi, oilasini etikdo‘zlik bilan boqardi. Non qimmat, mehnat arzon edi, nima topsa, o‘shani yeb qo‘yardi. Etikdo‘z bilan xotinining bitta po‘stini bor edi, u ham titilib, juldurga aylangan; mana, ikkinchi yildirki, etikdo‘z yangi po‘stinga qo‘y terisi sotib olmoqchi bo‘lib yurardi.

Kuzga kelib etikdo‘zning qo‘lida ozgina pul yig‘ildi: xotinining sandig‘ida uch so‘mlik qog‘oz pul yotardi, yana besh so‘m yigirma tiyin qishloqdagi dehqonlarda qarz edi.

Shunda etikdo‘z ertalabdan po‘stinga qishloqqa jo‘nadi. Ko‘ylagining ustidan xotinining paxtali kalta nimchasini, uning ustidan movut kaftanini kiydi, hassasini oldi, nonushta qildi-da, yo‘lga tushdi. O‘yladi: «Dehqonlardan besh so‘mni olaman, o‘zimning uch so‘mimni qo‘shaman — po‘stinga teri sotib olaman».

Etikdo‘z qishloqqa kelib, bir dehqonnikiga kirdi — uyda yo‘q ekan, xotini erimni shu hafta ichida yuboraman, dedi-yu, pul bermadi; boshqasinikiga kirdi — dehqon pulim yo‘q, deb qasam ichdi, faqat etik yamagani uchun yigirma tiyin berdi. Etikdo‘z terini nasiyaga olmoqchi bo‘ldi — teri sotuvchi nasiyaga ishonmadi.

— Pulni olib kel, — dedi u, — keyin xohlaganingni tanla, bo‘lmasa qarzni qanday undirishni bilamiz.

Shunday qilib etikdo‘z hech narsa qilolmadi, faqat yamoq uchun yigirma tiyin oldi-yu, bir dehqondan eski kigiz etiklarni charm bilan qoplab berish uchun olib chiqdi.

Etikdo‘z qayg‘urdi, butun yigirma tiyinga aroq ichdi-da, po‘stinsiz uyiga jo‘nadi. Ertalab etikdo‘zga havo sovuqday tuyulgan edi, ichgandan keyin esa po‘stinsiz ham issiq bo‘ldi. Etikdo‘z yo‘lda ketyapti, bir qo‘li bilan hassasini muzlagan kesaklarga tiqillatib uradi, boshqa qo‘li bilan kigiz etiklarni silkitib boradi, o‘zi o‘zi bilan gaplashadi.

— Men, — deydi u, — po‘stinsiz ham issiqman. Bir qadah ichdim; har bir tomirimda o‘ynab turibdi. Po‘stin ham kerakmas. Dardimni unutib ketyapman. Mana men qanday odamman! Menga nima? Men po‘stinsiz ham yashayveraman. Menga u umr bo‘yi kerakmas. Faqat bitta narsa — xotinim xafa bo‘ladi. Alam qiladi-da — sen unga ishlab ber, u esa seni aldab yuradi. Shoshmay tur endi: pulimni olib kelmasang, boshingdan qalpog‘ingni yulib olaman, Xudo haqqi, yulib olaman. Bu nima degani? Yigirma tiyindan beradi! Yigirma tiyinga nima qilasan? Ichsang — bo‘ldi. Muhtojman, deydi. Sen muhtoj-u, men muhtoj emasmanmi? Sening uying ham, moling ham, hamma narsang bor, men esa butunlay shuman; sening o‘z noning bor, men esa sotib olib yeyman — qayerdan topsang top, haftasiga faqat nonning o‘ziga uch so‘m ber. Uyga borsam — non tugagan; yana bir yarim so‘m chiqar. Shuning uchun sen menikini menga ber.

Etikdo‘z shunday qilib burilishdagi kichik ibodatxonaga yaqinlashdi, qarasa — ibodatxonaning naq orqasida nimadir oqarib turibdi. Qorong‘i tusha boshlagan edi. Etikdo‘z tikilib qaraydi-yu, nimaligini ajrata olmaydi. «Bu yerda bunaqa tosh yo‘q edi, — deb o‘yladi u. — Molmikan? Molga o‘xshamaydi. Boshidan odamga o‘xshaydi, lekin allanimasi oq. Odamga bu yerda nima bor?»

Yaqinroq bordi — endi yaqqol ko‘rindi. Bu qanday mo‘jiza: rostdan ham odam, tirikmi, o‘likmi, yalang‘och o‘tiribdi, ibodatxonaga suyanib olgan, qimir etmaydi. Etikdo‘zning vahimasi keldi; o‘ylaydi: «Kimlardir odamni o‘ldirib, yechintirib, shu yerga tashlab ketishgan. Yaqinlashsang bas, keyin balosidan qutulolmaysan».

Va etikdo‘z yonidan o‘tib ketdi. Ibodatxonaning orqasiga o‘tdi — odam ko‘rinmay qoldi. Ibodatxonadan o‘tib, orqasiga qaradi — ko‘rdiki, odam ibodatxonadan qaddini ko‘tarib, qimirlayapti, go‘yo tikilib qarayotganday. Etikdo‘z battar qo‘rqib ketdi, o‘ylaydi: «Yaqinlashaymi yo o‘tib ketaymi? Yaqinlashsam — biror yomonlik bo‘lmasin tag‘in: kim biladi, u qanaqa odam? Yaxshi ishlar uchun bu yerga tushib qolmagandir. Yaqinlashsang, sakrab turib bo‘g‘ib qo‘yadi, undan qochib ham qutulolmaysan. Bo‘g‘masa ham, keyin u bilan ovora bo‘lib yur. Yalang‘och odam bilan nima qilaman? O‘z ustimdagini yechib, oxirgi kiyimimni bermayman-ku. Xudo o‘zi asrasin, faqat o‘tib ketay!»

Etikdo‘z qadamini tezlatdi. Ibodatxonadan o‘tib ham ketayotgan edi, vijdoni qiynay boshladi.

Etikdo‘z yo‘lda to‘xtadi.

— Sen nima qilyapsan, Semyon? — dedi u o‘ziga o‘zi. — Odam baloga qolib o‘lyapti, sen esa qo‘rqib, yonidan o‘tib ketyapsan. Yo juda boyib ketdingmi? Boyligingni talab ketishlaridan qo‘rqyapsanmi? Ey, Sema, yaxshi emas bu!

Semyon orqasiga burilib, odamning oldiga bordi.

II

Semyon odamning oldiga kelib, unga razm soldi va ko‘rdi: odam yosh, baquvvat, tanasida kaltak izlari yo‘q, faqat qattiq sovqotgani va qo‘rqib ketgani ko‘rinib turibdi; suyanib o‘tiribdi, Semyonga qaramaydi — go‘yo holdan toyib, ko‘zini ko‘tarishga ham madori yo‘qday. Semyon yaqinginasiga keldi, shunda odam birdan hushiga kelganday bo‘ldi, boshini burib, ko‘zlarini ochdi va Semyonga qaradi. Shu qarashning o‘zi bilan odam Semyonga yoqib qoldi. U kigiz etiklarni yerga tashladi, belbog‘ini yechib, etiklarning ustiga qo‘ydi, kaftanini yechdi.

— Gapirib o‘tirishning hojati yo‘q! — dedi u. — Kiy-chi! Qani!

Semyon odamni tirsagidan olib, turg‘aza boshladi. Odam o‘rnidan turdi. Semyon ko‘rdiki — tanasi nozik, toza, qo‘l-oyoqlari butun, yuzi esa mehrni tortadigan. Semyon kaftanni uning yelkasiga tashladi — qo‘llari yengga kirmaydi. Semyon uning qo‘llarini yengga solib, kaftanni tortib kiydirdi, etaklarini yopib, belbog‘ bilan bog‘lab qo‘ydi.

Semyon yirtiq kartuzini yechib, yalang‘ochga kiydirmoqchi ham bo‘ldi, lekin boshi sovqotib, o‘yladi: «Mening butun boshim taqir, unikida esa chakkalari uzun, jingalak». Yana kiyib oldi. «Yaxshisi, unga etik kiydiray».

Uni o‘tqazib, oyog‘iga kigiz etiklarni kiydirdi.

Etikdo‘z uni kiyintirib bo‘lib, dedi:

— Mana shunday, birodar. Qani, harakat qilib, isinib ol. Bu ishlarning hammasini bizsiz ham hal qilishadi. Yura olasanmi?

Odam turibdi, Semyonga mehr bilan qaraydi-yu, hech narsa deya olmaydi.

— Nega gapirmaysan? Shu yerda qishlab qolmaymiz-ku. Odam yashaydigan joyga borish kerak. Mana, hassamni ham ol, holsiz bo‘lsang, suyan. Qani, qadam bos-chi!

Odam yurdi. Yengil yurdi, ortda qolmaydi.

Ular yo‘l bo‘ylab ketishyapti, Semyon dedi:

— Xo‘sh, qayerlik bo‘lasan?

— Men bu yerlik emasman.

— Bu yerliklarni o‘zim taniyman. Bu yerga, ibodatxona tagiga qanday qilib tushib qolding?

— Buni aytishim mumkin emas.

— Odamlar xafa qilgandir-da?

— Meni hech kim xafa qilmagan. Meni Xudo jazoladi.

— Ma’lum-ku, hammasi Xudodan, lekin baribir biror joyga bosh suqish kerak. Qayerga borishing kerak?

— Menga baribir.

Semyon hayron qoldi. Bezoriga o‘xshamaydi, gapi ham yumshoq, lekin o‘zi haqida hech narsa aytmaydi. Semyon o‘yladi: «Dunyoda nima ishlar bo‘lmaydi» — va odamga dedi:

— Mayli, yur, uyimga boramiz, hech bo‘lmasa bir oz o‘zingga kelasan.

Semyon ketyapti, musofir undan qolmay, yonma-yon boryapti. Shamol turdi, Semyonning ko‘ylagi ostiga kirib, badanini kesa boshladi, mastligi tarqab, et-eti uvishib keldi. U burnini tortib, ustidagi xotinining nimchasiga o‘ranib boradi va o‘ylaydi: «Mana senga po‘stin: po‘stin olgani borib, kaftansiz qaytyapman, ustiga-ustak yalang‘och bir odamni ham boshlab kelyapman. Matryona maqtamaydi!» Matryonani o‘ylashi bilan Semyonning ko‘ngli g‘ash tortadi. Musofirga qarab, ibodatxona ortida unga qanday qaraganini eslashi bilan esa yuragi jo‘shib ketadi.

III

Semyonning xotini ishlarini erta tugatgan edi. O‘tin yordi, suv tashidi, bolalarni ovqatlantirdi, o‘zi ham bir-ikki tishlab oldi-da, o‘yga toldi; non qachon yopish kerak — bugunmi yo ertagami, deb o‘ylab qoldi. Kattagina bir burda non qolgan edi.

«Agar Semyon u yerda tushlik qilib, kechki ovqatda ko‘p yemasa, ertaga ham nonimiz yetadi», — deb o‘yladi u.

Matryona non burdasini u yoq-bu yoqqa aylantirib qarab, o‘yladi: «Bugun non yopmayman. Unim ham bir xamirga zo‘rg‘a yetadi. Juma kunigacha yetkazamiz».

Matryona nonni yig‘ishtirib, stol yoniga o‘tirdi-da, erining ko‘ylagiga yamoq sola boshladi. Tikib o‘tirib, eri haqida, u po‘stinga qanday teri sotib olishi haqida o‘ylaydi.

«Teri sotuvchi aldab ketmasa edi. Erim juda sodda-da. O‘zi hech kimni aldamaydi, uni esa yosh bola ham laqillatadi. Sakkiz so‘m oz pul emas. Yaxshi po‘stin tiktirsa bo‘ladi. Oshlangan bo‘lmasa ham, baribir po‘stin. O‘tgan qish po‘stinsiz qanday qiynaldik! Na daryoga chiqib bo‘ladi, na biror joyga. Mana, hovlidan chiqib ketdi-yu, hamma narsani o‘zi kiyib ketdi, menga kiyishga hech narsa qolmadi. Ancha erta ketgan edi. Kelish vaqti bo‘ldi. Lochinginam aysh-ishratga berilib ketmadimikan?»

Matryona shunday deb o‘ylashi bilan ayvon zinapoyalari g‘ijirladi, kimdir kirdi. Matryona ignani sanchib qo‘yib, dahlizga chiqdi. Qarasa — ikki kishi kirib kelibdi: Semyon va uning yonida qalpoqsiz, kigiz etik kiygan allaqanday bir kishi.

Matryona darhol eridan aroq hidi kelayotganini sezdi. «Ana, — deb o‘yladi u, — men aytgandek, ichib kelibdi». Erining kaftansiz, faqat nimchada ekanini, qo‘lida hech narsa yo‘qligini, o‘zi esa jim, qisinib turganini ko‘rib, Matryonaning yuragi uzilib ketdi. «Pulni ichib yuboribdi, — deb o‘yladi u, — allaqanday bir daydi bilan aysh qilibdi, ustiga-ustak uni ham boshlab kelibdi».

Matryona ularni uyga o‘tkazib, o‘zi ham kirdi, qarasa — begona, yosh, ozg‘in bir odam, ustida esa ularning kaftani. Kaftan tagidan ko‘ylagi ko‘rinmaydi, qalpog‘i yo‘q. Kirdi-yu, joyida turib qoldi, qimirlamaydi, ko‘zini ko‘tarmaydi. Matryona o‘yladi: yomon odam — qo‘rqyapti.

Matryona qovog‘ini solib, pechka tomonga o‘tdi, ular nima qilarkin, deb kuzatib turdi.

Semyon qalpog‘ini yechib, xuddi hech narsa bo‘lmaganday kursiga o‘tirdi.

— Xo‘sh, Matryona, — dedi u, — kechki ovqatni olib kel-chi!

Matryona allanimalarni to‘ng‘illadi. Pechka yonida qanday turgan bo‘lsa, shunday qimir etmay turaverdi: goh biriga, goh ikkinchisiga qaraydi-yu, faqat bosh chayqaydi. Semyon xotinining jahli chiqib turganini ko‘rib turibdi, lekin iloj yo‘q: go‘yo sezmaganday, musofirning qo‘lidan oldi.

— O‘tir, birodar, — dedi u, — ovqatlanamiz.

Musofir kursiga o‘tirdi.

— Xo‘sh, nima, ovqat pishirmadingmi?

Matryonaning g‘azabi qaynadi.

— Pishirdim, lekin sen uchun emas. Ko‘rib turibman, aqlingni ham ichib qo‘yibsan. Po‘stinga ketib, kaftansiz qaytibsan, ustiga-ustak yalang‘och bir daydini boshlab kelibsan. Sizlarday piyanistalarga menda ovqat yo‘q.

— Bas qil, Matryona, bekorga tilingni qayrama! Avval so‘ra, bu qanday odam...

— Sen ayt, pulni nima qilding?

Semyon kaftanining ichiga qo‘l solib, qog‘oz pulni chiqarib, yoydi.

— Pul mana, Trifonov bermadi, ertaga beraman, dedi.

Matryonaning g‘azabi battar qaynadi: po‘stin olmabdi, oxirgi kaftanini ham allaqanday yalang‘och odamga kiydirib, uyiga boshlab kelibdi.

Stoldan qog‘oz pulni yulqib olib, berkitgani olib ketdi, o‘zi esa gapiradi:

— Menda ovqat yo‘q. Hamma yalang‘och piyanistalarni boqib bo‘lmaydi.

— Eh, Matryona, tilingni tiy. Avval nima deyishayotganini eshit...

— Mast ahmoqdan aql eshitib bo‘pman. Bejiz senga, piyanistaga, tegishni istamagan ekanmanmi. Onam menga matolar bergan edi — ichib yubording; po‘stin olgani bording — ichib yubording.

Semyon xotiniga faqat yigirma tiyinni ichganini tushuntirmoqchi bo‘ladi, odamni qayerdan topganini aytmoqchi bo‘ladi — Matryona unga og‘iz ochgani qo‘ymaydi: qayerdan kelib qolyapti, bir yo‘la ikkitadan so‘z gapiradi. O‘n yil oldin bo‘lgan narsalarni ham esladi.

Matryona gapirdi, gapirdi, sakrab Semyonning oldiga keldi-da, yengidan ushlab oldi.

— Nimchamni ber. Bittagina qolgan edi, uni ham ustimdan yechib olib, o‘zingga kiyib olibsan. Bu yoqqa ber, qo‘tir it, o‘lib ketgur.

Semyon nimchani yecha boshladi, yengini ag‘darib yuborgan edi, xotini tortib qoldi — nimcha choklaridan so‘kilib ketdi. Matryona nimchani olib, boshiga tashladi-da, eshik tomon yurdi. Chiqib ketmoqchi edi-yu, to‘xtab qoldi: yuragi ham qaynab turibdi — alamini olgisi keladi, bu qanday odam ekanini ham bilgisi keladi.

IV

Matryona to‘xtab, dedi:

— Yaxshi odam bo‘lganida yalang‘och yurmasdi, ustida hatto ko‘ylagi ham yo‘q. Yaxshi ish bilan yurgan bo‘lsa, bu olifta yigitni qayerdan boshlab kelganingni aytarding.

— Men senga aytyapman-ku: kelyapman — ibodatxona yonida mana shu yalang‘och o‘tiribdi, butunlay qotib qolgan. Hozir yoz emas-ku, yalang‘och o‘tiradigan. Xudo meni uning ustidan chiqardi, bo‘lmasa o‘lib ketardi. Xo‘sh, nima qilay? Dunyoda nima ishlar bo‘lmaydi! Oldim, kiyintirdim, bu yerga boshlab keldim. Yuragingni bos. Gunoh, Matryona. Hammamiz o‘lamiz.

Matryona so‘kinmoqchi edi-yu, musofirga qarab, jim bo‘lib qoldi. Musofir kursining chetida qanday o‘tirgan bo‘lsa, shunday qimir etmay o‘tiribdi. Qo‘llari tizzasida qovushtirilgan, boshi ko‘ksiga egilgan, ko‘zlarini ochmaydi, go‘yo nimadir bo‘g‘ayotganday doim yuzini burishtiradi. Matryona jim bo‘ldi. Semyon esa dedi:

— Matryona, nahotki sening ichingda Xudo yo‘q!

Bu so‘zni eshitib, Matryona yana bir bor musofirga qaradi va birdan yuragi yumshab ketdi. Eshik yonidan ketib, pechka burchagiga bordi, kechki ovqatni olib keldi. Stolga kosa qo‘ydi, kvas quydi, oxirgi non burdasini qo‘ydi. Pichoq va qoshiqlarni berdi.

— Qani, ichinglar, — dedi u.

Semyon musofirni stolga yaqinroq surdi.

— Qani, o‘tir, yigit, — dedi u.

Semyon nonni kesib, to‘g‘radi, ular ovqatlana boshlashdi. Matryona esa stolning bir burchagiga o‘tirib, qo‘lini iyagiga tiragancha musofirga qarab turdi.

Matryonaning musofirga rahmi keldi, uni yaxshi ko‘rib qoldi. Shunda birdan musofirning chehrasi ochildi, yuzini burishtirishni to‘xtatdi, ko‘zlarini Matryonaga qaratib, jilmaydi.

Ovqatlanib bo‘lishdi; xotin dasturxonni yig‘ishtirib, musofirdan so‘ray boshladi:

— Sen qayerlik bo‘lasan?

— Men bu yerlik emasman.

— Unda qanday qilib yo‘lda qolding?

— Buni aytishim mumkin emas.

— Seni kim talab ketdi?

— Meni Xudo jazoladi.

— Shunday yalang‘och yotgan edingmi?

— Shunday yalang‘och yotgan edim, muzlab o‘layotgan edim. Semyon meni ko‘rib qoldi, rahmi keldi, ustidan kaftanini yechib menga kiydirdi va bu yerga kelishimni aytdi. Bu yerda esa sen meni to‘ydirding, sug‘ording, menga rahm qilding. Parvardigor sizlarni o‘z panohida asrasin!

Matryona o‘rnidan turib, deraza tokchasidan Semyonning o‘zi yamayotgan eski ko‘ylagini olib, musofirga berdi; yana ishton topib berdi.

— Ma, ol, ko‘rib turibman, ko‘ylaging ham yo‘q. Kiyin-da, qayer yoqsa, o‘sha yerda yot — sokida yoki pechka ustida.

Musofir kaftanni yechib, ko‘ylak va ishtonni kiydi-da, soki ustiga yotdi. Matryona chiroqni o‘chirib, kaftanni oldi-da, erining yoniga kirib yotdi.

Matryona kaftanning bir chetiga o‘ranib yotibdi-yu, uxlolmaydi, musofir xayolidan ketmaydi.

Uning oxirgi non burdasini yeb qo‘yganini, ertaga non yo‘qligini eslaganida, ko‘ylak bilan ishtonni berib yuborganini eslaganida ko‘ngli g‘ash tortadi; uning qanday jilmayganini eslaganida esa yuragi quvonchdan jo‘shib ketadi.

Matryona uzoq uxlay olmadi, eshitadi — Semyon ham uxlamayapti, kaftanni o‘z tomoniga tortyapti.

— Semyon!

— A!

— Oxirgi nonni yeb qo‘ydik, men esa xamir qilmagan edim. Ertaga nima qilishni bilmayman. Balki qo‘shnimiz Malanyadan so‘rarman.

— Tirik bo‘lsak, to‘q bo‘lamiz.

Xotin bir oz yotdi, jim turdi.

— Odam yaxshiga o‘xshaydi-yu, lekin nega o‘zi haqida aytmayapti?

— Aytish mumkin emasdir-da.

— Syom!

— A!

— Biz-ku beryapmiz, lekin nega bizga hech kim bermaydi?

Semyon nima deyishini bilmadi. «Bas, gapirma», dedi. Ag‘darildi-yu, uxlab qoldi.

V

Ertalab Semyon uyg‘ondi. Bolalar uxlayapti, xotini qo‘shnilardan non qarz olgani chiqib ketgan. Faqat kechagi musofir eski ishton va ko‘ylakda kursida o‘tirib, tepaga qarab turibdi. Yuzi ham kechagidan yorug‘roq.

Semyon dedi:

— Xo‘sh, azizim: qorin non so‘raydi, yalang‘och tana kiyim so‘raydi. Tirikchilik qilish kerak. Qanday ishni bilasan?

— Men hech narsani bilmayman.

Semyon hayron qolib, dedi:

— Xohish bo‘lsa bo‘ldi. Odamlar hamma narsani o‘rganadi.

— Odamlar ishlaydi, men ham ishlayman.

— Isming nima?

— Mixail.

— Xo‘sh, Mixayla, o‘zing haqingda aytishni istamasang — o‘z ishing, lekin tirikchilik qilish kerak. Men buyurgan ishni qilsang — boqaman.

— Xudo seni asrasin, men o‘rganaman. Nima qilish kerakligini ko‘rsat.

Semyon ip olib, barmoqlariga o‘radi va mumlangan tikuv ipi uchini tayyorlay boshladi.

— Uncha mushkul ish emas, qara...

Mixayla qarab turdi, xuddi shunday barmoqlariga o‘radi, darhol o‘rganib, ip uchini tayyorladi.

Semyon unga ipni qanday mumlashni ko‘rsatdi. Mixayla buni ham darhol tushundi. Usta unga qilni ipga qanday ulashni ham, qanday tikishni ham ko‘rsatdi, Mixayla buni ham bir zumda tushundi.

Semyon unga qanday ishni ko‘rsatmasin, darhol tushunardi, uchinchi kunidanoq umr bo‘yi tikib kelgandek ishlay boshladi. Bel yozmay ishlaydi, kam yeydi; ish orasida jim bo‘lib qoladi-yu, doim tepaga qaraydi. Ko‘chaga chiqmaydi, ortiqcha gapirmaydi, hazil qilmaydi, kulmaydi.

Uning jilmayganini faqat bir marta ko‘rishgan edi — birinchi kechasi, xotin unga ovqat bergan paytda.

VI

Kun ketidan kun, hafta ketidan hafta o‘tib, bir yil ham aylanib keldi. Mixayla avvalgiday Semyonnikida yashab, ishlab yuradi. Semyonning shogirdi haqida shunday shuhrat tarqaldiki, Semyonning shogirdi Mixayladay toza va mustahkam etik tikadigan boshqa hech kim yo‘q, deyishdi; atrofdan Semyonning oldiga etik buyurgani kela boshlashdi va Semyonning ro‘zg‘ori yaxshilana boshladi.

Bir kuni qishda Semyon bilan Mixayla ishlab o‘tirishgan ekan, uyning oldiga qo‘ng‘iroqli uch ot qo‘shilgan bir yopiq chana kelib to‘xtadi. Derazadan qarashdi: chana uyning ro‘parasida to‘xtadi, kucherning o‘rindig‘idan bir yigit sakrab tushib, eshikchani ochdi. Chanadan po‘stin kiygan bir janob tushdi. Chanadan tushib, Semyonning uyi tomon yurdi, ayvonga ko‘tarildi. Matryona yugurib chiqib, eshikni lang ochib qo‘ydi. Janob engashib uyga kirdi, qaddini rostlagan edi, boshi shiftga tegay dedi, butun burchakni egallab oldi.

Semyon o‘rnidan turib, ta’zim qildi va janobga hayron bo‘lib qaraydi. U bunday odamlarni hech ko‘rmagan edi. Semyonning o‘zi qotma, Mixayla ozg‘in, Matryona esa butunlay quruq cho‘pday, bu bo‘lsa — go‘yo boshqa dunyodan kelgan odam: basharasi qip-qizil, to‘lishgan, bo‘yni buqanikiday, butun gavdasi go‘yo cho‘yandan quyilgan.

Janob hansirab nafas olib, po‘stinini yechdi, kursiga o‘tirib, dedi:

— Etikdo‘z usta kim?

Semyon oldinga chiqib, dedi:

— Men, janobi oliylari.

Janob o‘z xizmatkoriga baqirdi:

— Hoy, Fedka, mollarni bu yoqqa olib kel.

Yigit yugurib kirib, bir tugun olib keldi. Janob tugunni olib, stolga qo‘ydi.

— Yech, — dedi u.

Yigit yechdi.

Janob barmog‘i bilan etiklik charmni turtib, Semyonga dedi:

— Xo‘sh, quloq sol, etikdo‘z. Mana bu charmni ko‘ryapsanmi?

— Ko‘ryapman, — dedi u, — janobi oliylari.

— Bu qanday charm ekanini tushunasanmi o‘zi?

Semyon charmni ushlab ko‘rib, dedi:

— Yaxshi charm.

— Bo‘lmasa-chi, yaxshi! Sen, ahmoq, bunday charmni hali ko‘rmagansan. Nemis charmi, yigirma so‘m to‘langan.

Semyon dovdirab, dedi:

— Biz qayerdan ham ko‘rardik.

— Ana shunday. Shu charmdan mening oyog‘imga etik tika olasanmi?

— Tiksa bo‘ladi, janobi oliylari.

Janob unga baqirdi:

— Bo‘ladi, emish. Kimga tikayotganingni, qanday charmdan tikayotganingni tushun. Menga shunday etik tikki, bir yil kiyilsin, qiyshaymasin, so‘kilmasin. Qo‘lingdan kelsa — ol, charmni bich, kelmasa — olma ham, charmni ham bichma. Senga oldindan aytib qo‘yay: etik bir yil to‘lmasdan so‘kilsa, qiyshaysa, seni qamoqqa tiqaman; bir yilgacha qiyshaymasa, so‘kilmasa — mehnating uchun o‘n so‘m beraman.

Semyon cho‘chib ketdi, nima deyishini bilmaydi. Mixaylaga qaradi. Uni tirsagi bilan turtib, shivirladi:

— Olaylikmi?

Mixayla bosh irg‘adi: «Ol, ishni».

Semyon Mixaylaning gapiga kirib, bir yil qiyshaymaydigan, so‘kilmaydigan etik tikishni o‘z zimmasiga oldi.

Janob xizmatkorini chaqirib, chap oyog‘idagi etikni yechishni buyurdi, oyog‘ini uzatdi.

— O‘lchovini ol!

Semyon o‘n vershoklik qog‘oz tasmani tikib ulab, tekisladi, tiz cho‘kdi, janobning paypog‘ini kir qilmaslik uchun qo‘llarini fartugiga yaxshilab artdi va o‘lchay boshladi. Semyon oyoq tagini o‘lchadi, oyoq ustini o‘lchadi; boldirini o‘lchay boshlagan edi, qog‘oz tasma yetmadi. Boldiri xodaday yo‘g‘on.

— Qara, qo‘njini tor qilib qo‘yma.

Semyon yana qog‘oz ulay boshladi. Janob o‘tiribdi, paypoq ichida barmoqlarini qimirlatib, uydagilarni ko‘zdan kechiradi. Mixaylani ko‘rib qoldi.

— Bu kim, — dedi u, — senikida?

— Bu mening eng zo‘r ustam, tikadigan ham shu.

— Qara, — dedi janob Mixaylaga, — esingda bo‘lsin, shunday tikki, bir yil chidasin.

Semyon ham Mixaylaga qaradi; ko‘rdiki — Mixayla janobga qaramayapti ham, janobning orqasidagi burchakka tikilib qolgan, go‘yo u yerda kimnidir ko‘rayotganday. Mixayla qaradi, qaradi-da, birdan jilmayib, butun chehrasi yorishib ketdi.

— Nega tishingni irjaytirasan, ahmoq? Undan ko‘ra, muddatida tayyor bo‘lishiga qara.

Mixayla esa dedi:

— Kerak bo‘lganda roppa-rosa tayyor bo‘ladi.

— Ana shunday.

Janob etigini, po‘stinini kiyib, o‘ranib oldi-da, eshik tomon yurdi. Lekin engashishni unutib, boshini eshik kesakisiga urib oldi.

Janob so‘kinib, boshini ishqaladi, chanaga o‘tirib, jo‘nab ketdi.

Janob ketgach, Semyon dedi:

— Ana chaqmoqtosh. Buni hovoncha dastasi bilan ham o‘ldirib bo‘lmaydi. Kesakini boshi bilan sindirib yuborsa ham, parvoyiga ham kelmaydi.

Matryona esa dedi:

— Shunday turmushda qanday semirmasin. Bunaqa temir odamni o‘lim ham olmaydi.

VII

Semyon Mixaylaga dedi:

— Ishni-ku oldik, yana baloga qolmasak edi. Charm qimmat, janob esa jahldor. Adashib qo‘ymaylik. Qani, sening ko‘zing ham o‘tkirroq, qo‘llaring ham mendan epchilroq bo‘lib qoldi, mana o‘lchovni ol. Charmni bich, men esa poshnalarni tikib tugatay.

Mixayla qarshilik qilmadi, janobning charmini olib, stolga yoydi, ikki buklab, pichoqni oldi-da, bicha boshladi.

Matryona kelib, Mixaylaning qanday bichayotganini ko‘rib, uning nima qilayotganiga hayron qoldi. Matryona etikdo‘zlik ishiga o‘rganib qolgan edi, qarab ko‘rdiki, Mixayla charmni etikdo‘zlarning odaticha emas, yumaloq qilib bichyapti.

Matryona bir nima demoqchi bo‘ldi-yu, o‘ziga o‘zi o‘yladi: «Ko‘rinib turibdiki, janobga etik qanday tikilishini men tushunmayman; Mixayla yaxshiroq biladi, aralashmayman».

Mixayla bir juft bichib olgach, ipni olib, etikdo‘zlarning odaticha ikki uchli ip bilan emas, bir uchli ip bilan — o‘liklarga kiydiriladigan tagcharmsiz kovush qanday tikilsa, shunday tika boshladi.

Matryona bunga ham hayron qoldi, lekin bu safar ham aralashmadi. Mixayla esa tikaveradi. Tushlik vaqti bo‘ldi, Semyon o‘rnidan turib qarasa — Mixayla janobning charmidan tagcharmsiz kovush tikib qo‘yibdi.

Semyon «voy» deb yubordi. «Bu qanday bo‘ldi, — deb o‘yladi u, — Mixayla bir yil yashadi, hech narsada adashmadi, endi esa shunday balo keltiribdi? Janob tagcharmli etik buyurdi, u bo‘lsa tagsiz kovush tikib, charmni buzib qo‘ydi. Endi janob bilan qanday hisob-kitob qilaman? Bunday charmni topib bo‘lmaydi».

Va u Mixaylaga dedi:

— Nima qilib qo‘yding, azizim? Meni so‘yding-ku! Axir janob etik buyurdi, sen nima tikding?

Endigina Mixaylani koyishni boshlagan edi, eshikdagi halqa taqilladi, kimdir eshik qoqyapti. Derazadan qarashdi: kimdir otda kelib, otini bog‘layapti. Eshikni ochishdi: janobning o‘sha xizmatkor yigiti kirib keldi.

— Salom.

— Salom. Nima kerak?

— Bekam etik haqida yubordi.

— Etik haqida nima?

— Etik haqida nima bo‘lardi! Janobga etik kerakmas. Janob olamdan o‘tdi.

— Nima deyapsan!

— Sizlarnikidan uyigacha yetib bormadi, chananing ichida o‘ldi. Chana uyga yetib kelgach, tushirgani chiqsak, qopday ag‘anab yotibdi, qotib qolgan, o‘lik yotibdi, chanadan zo‘rg‘a sug‘urib oldik. Bekam yubordi, aytdi: «Etikdo‘zga ayt, janob sizlarnikida bo‘lgan, etik buyurgan, charm qoldirgan ekan, unga ayt: etik kerakmas, o‘sha charmdan marhumga tezroq tagcharmsiz kovush tikib bersin. Tikib bitirishlarini kutib tur, kovushni o‘zing bilan olib kel». Mana, men keldim.

Mixayla stoldan charm qiyqimlarini olib, naycha qilib o‘radi, tayyor kovushlarni ham olib, birini ikkinchisiga urib changini qoqdi, fartugi bilan artib, yigitga uzatdi. Yigit kovushlarni oldi.

— Xayr, xo‘jayinlar! Xayrli bo‘lsin!

VIII

Yana bir yil o‘tdi, keyin yana ikki yil, Mixayla mana olti yildirki Semyonnikida yashaydi. Avvalgiday yashaydi. Hech qayerga bormaydi, ortiqcha gapirmaydi va shuncha vaqt ichida faqat ikki marta jilmaydi: bir marta — xotin unga ovqat qo‘yganida, ikkinchi marta — janobga qarab. Semyon shogirdidan behad mamnun. Endi uning qayerdanligini ham so‘ramaydi; faqat bir narsadan qo‘rqadi — Mixayla undan ketib qolmasin.

Bir kuni uyda o‘tirishgan ekan. Uy bekasi qozonlarni pechkaga qo‘yyapti, bolalar kursilar ustida yugurib, derazadan qarashyapti. Semyon bir derazaning yonida tikyapti, Mixayla esa boshqa derazaning yonida poshna qoqyapti.

Bir bola kursi ustidan yugurib Mixaylaning oldiga keldi, uning yelkasiga suyanib, derazaga qaradi.

— Mixayla amaki, qara, bir savdogar xotin qizchalari bilan bizga kelyapti shekilli. Bir qizcha esa cho‘loq.

Bola shuni aytishi bilan Mixayla ishini tashlab, derazaga o‘girildi, ko‘chaga qaradi.

Semyon hayron qoldi. Mixayla hech qachon ko‘chaga qaramasdi, endi esa derazaga yopishib, nimagadir tikilib qolibdi. Semyon ham derazaga qaradi: ko‘rdi — rostdan ham, uning hovlisi tomon bir ayol kelyapti, ozoda kiyingan, po‘stincha kiygan, jun ro‘mol o‘ragan ikki qizchani qo‘lidan yetaklab kelyapti. Qizchalar bir-biriga shunchalik o‘xshaydiki, farqlab bo‘lmaydi. Faqat bittasining chap oyoqchasi mayib — oqsoqlanib yuradi.

Ayol ayvonga chiqib, dahlizga kirdi, eshikni paypaslab topdi, tutqichidan tortib ochdi. Ikki qizchani oldinga o‘tkazib, o‘zi ham uyga kirdi.

— Assalomu alaykum, uy egalari!

— Marhamat. Nima kerak edi?

Ayol stol yoniga o‘tirdi. Qizchalar uning tizzasiga qisinib, odamlardan tortinishadi.

— Mana, qizchalarga bahorga charm boshmoqcha tiktirmoqchi edim.

— Mayli, tiksa bo‘ladi. Bunaqa kichkinalarini tikmagan edik, lekin hammasi bo‘ladi. Tagcharmlisini ham, ichi ag‘darmasini ham, kanop astarlisini ham tiksa bo‘ladi. Mana Mixayla, mening ustam.

Semyon Mixaylaga qaradi va ko‘rdiki: Mixayla ishini tashlab, qizchalardan ko‘z uzmay o‘tiribdi.

Semyon Mixaylaga hayron bo‘ldi. To‘g‘ri, o‘ylaydi u, qizchalar yaxshi: qora ko‘z, do‘mboq, qizil yuzli, po‘stinchalari ham, ro‘mollari ham chiroyli, lekin Semyon hech tushunolmaydi: nega u ularga xuddi tanishiday bunchalik tikilyapti?

Semyon hayron bo‘lib turdi-da, ayol bilan gaplashib, narxni kelisha boshladi. Kelishib olgach, o‘lchov ola boshladi. Ayol cho‘loq qizchani tizzasiga oldi-da, dedi:

— Bundan ikkita o‘lchov ol; qiyshiq oyoqchaga bitta boshmoq tik, to‘g‘ri oyoqchaga uchta. Ularning oyoqchalari bir xil, bir-biridan farq qilmaydi. Ular egizak.

Semyon o‘lchov olib, cho‘loq qizchaga qarab dedi:

— Bunga nima bo‘lgan? Shunday yaxshi qizcha. Tug‘ma shundaymi?

— Yo‘q, onasi bosib qolgan.

Matryona gapga aralashdi, unga ayol kimligi, bolalar kimniki ekanini bilgisi keldi, dedi:

— Sen ularning onasi emasmisan?

— Men ularning onasi ham, qarindoshi ham emasman, bekajon, butunlay begonamiz — asrandilar.

— O‘z bolang bo‘lmasa ham, ularga qanchalik mehribonsan!

— Qanday qilib mehribon bo‘lmay, ikkalasini ham o‘z ko‘kragim suti bilan boqqanman. O‘z bolam ham bor edi, Xudo oldi, lekin uni bulardek ayamagan edim.

— Bular kimning bolalari o‘zi?

IX

Ayol gapga kirishib, hikoya qila boshladi.

— Olti yillar bo‘ldi, — dedi u, — bu qizchalar bir hafta ichida yetim qolishdi: otasini seshanba kuni ko‘mishdi, onasi esa juma kuni o‘ldi. Bu yetimchalar otasidan uch kun keyin tug‘ilishdi, onasi esa bir kun ham yashamadi. Men u paytda erim bilan qishloqda dehqonchilik qilib yashardim; qo‘shni edik, hovlimiz devorma-devor edi. Ularning otasi yolg‘iz edi, o‘rmonda ishlardi. Bir kuni uning ustiga daraxt tushib ketdi, belidan bosib, butun ichini ezib yubordi. Uyga yetkazishlari bilan jonini Xudoga topshirdi, xotini esa o‘sha haftada egizak tug‘di — mana shu qizchalarni. Kambag‘allik, yolg‘izlik, xotin bir o‘zi edi — na kampir bor, na qiz. Yolg‘iz tug‘di, yolg‘iz o‘ldi.

Ertalab qo‘shnimdan xabar olgani bordim, uyga kirsam, bechora allaqachon qotib qolibdi. O‘layotib qizchaning ustiga ag‘anab tushgan ekan. Mana shunisini bosib, oyoqchasini qiyshaytirib qo‘yibdi. Odamlar yig‘ilishdi, yuvishdi, kafanlashdi, tobut yasashdi, dafn etishdi. Hammasi yaxshi odamlar. Qizchalar yolg‘iz qolishdi. Ularni qayerga qo‘yish kerak? Xotinlar orasida o‘sha paytda faqat mening emizikli bolam bor edi. To‘ng‘ich o‘g‘ilchamni sakkiz haftadan beri emizayotgan edim. Ularni vaqtincha o‘zimga oldim. Erkaklar yig‘ilishdi, ularni qayerga qo‘yamiz, deb o‘ylashdi, o‘ylashdi-da, menga aytishdi: «Mariya, sen hozircha qizchalarni o‘zingda olib tur, biz esa vaqt topib, bir maslahatini qilamiz». Men to‘g‘ri oyoqlisini bir marta emizdim, bu ezilganini esa emizmadim ham: tirik qoladi, deb o‘ylamagan edim. Keyin o‘zimga o‘zim o‘yladim: bu farishtacha nima uchun azob chekadi? Unga ham rahmim keldi. Emiza boshladim, shunday qilib o‘z bolamni ham, bu ikkovini ham — uchalasini ko‘kragim bilan boqdim! Yosh edim, kuchim bor edi, ovqatim ham yaxshi edi. Xudo shunchalik sut berdiki, ba’zan to‘lib-toshib ketardi. Ikkitasini emizaman, uchinchisi kutib turadi. Bittasi to‘ysa, uchinchisini olaman. Xudo shunday nasib qildiki, bularni boqib katta qildim, o‘zimnikini esa ikkinchi yilida dafn etdim. Shundan keyin Xudo menga boshqa bola bermadi. Lekin ro‘zg‘orimiz o‘nglana boshladi. Hozir mana shu yerda bir savdogarning tegirmonida yashaymiz. Maoshimiz katta, turmushimiz yaxshi. Bolamiz esa yo‘q. Shu qizchalar bo‘lmaganida yolg‘iz qanday yashardim! Qanday qilib ularni sevmayin! Mening shamdagi mumim, chirog‘im shular!

Ayol bir qo‘li bilan cho‘loq qizchani bag‘riga bosdi, ikkinchi qo‘li bilan yuzidagi yoshlarni arta boshladi.

Matryona xo‘rsinib, dedi:

— Maqol bejiz aytilmagan ekan: otasiz, onasiz yashasa bo‘ladi, Xudosiz yashab bo‘lmaydi.

Ular o‘zaro shunday gaplashib o‘tirishdi, keyin ayol ketish uchun o‘rnidan turdi; uy egalari uni kuzatib qo‘yib, Mixaylaga qarashdi. U esa qo‘llarini tizzasiga qo‘yib, tepaga qarab, jilmayib o‘tiribdi.

X

Semyon uning oldiga keldi.

— Senga nima bo‘ldi, Mixayla?

Mixayla kursidan turdi, ishini qo‘ydi, fartugini yechdi, uy egasi va bekasiga ta’zim qilib, dedi:

— Meni kechiringlar, xo‘jayinlar. Xudo meni kechirdi. Sizlar ham kechiringlar.

Uy egalari ko‘rdiki, Mixayladan nur taralyapti. Semyon o‘rnidan turib, Mixaylaga ta’zim qildi va unga dedi:

— Ko‘rib turibman, Mixayla, sen oddiy odam emassan, men seni ushlab turolmayman, so‘roqqa ham tutolmayman. Menga faqat bir narsani ayt: nega men seni topib, uyimga olib kelganimda qovog‘ing soliq edi, xotinim senga ovqat berganida esa unga qarab jilmayding va shundan beri yorishib qolding? Keyin janob etik buyurganida ikkinchi marta jilmayding va shundan beri yanada yorishding? Endi esa ayol qizchalarni olib kelganida uchinchi marta jilmayding va butunlay nurga to‘lding? Ayt menga, Mixayla, nega sendan shunday nur taralyapti va nega uch marta jilmayding?

Mixayla dedi:

— Mendan nur taralayotgani shundanki, men jazolangan edim, endi esa Xudo meni kechirdi. Uch marta jilmayganimning sababi esa — men Xudoning uchta so‘zini bilib olishim kerak edi. Men Xudoning so‘zlarini bilib oldim: bir so‘zini xotining menga rahm qilganida bildim, shuning uchun birinchi marta jilmaydim. Ikkinchi so‘zini boy odam etik buyurganida bildim va ikkinchi marta jilmaydim; endi esa qizchalarni ko‘rib, oxirgi, uchinchi so‘zni bildim va uchinchi marta jilmaydim.

Semyon dedi:

— Ayt-chi, Mixayla, Xudo seni nima uchun jazoladi va Xudoning so‘zlari qanday ekan, men ham bilay.

Mixayla dedi:

— Xudo meni unga itoatsizlik qilganim uchun jazoladi. Men osmonda farishta edim va Xudoga itoatsizlik qildim. Men osmonda farishta edim, Parvardigor meni bir ayolning jonini olishga yubordi. Yerga uchib tushdim, qarasam — bir ayol yolg‘iz, kasal yotibdi, egizak — ikki qizcha tuqqan. Qizchalar onasining yonida qimirlab yotibdi, onasi esa ularni ko‘kragiga ham ololmaydi. Ayol meni ko‘rib, Xudo meni jonini olishga yuborganini tushundi, yig‘lab dedi: «Xudoning farishtasi! Erimni endigina dafn etishdi, o‘rmonda daraxt bosib o‘ldi. Na opam, na xolam, na buvim bor, yetimlarimni boqadigan hech kim yo‘q. Jonginamni olma, bolalarimni o‘zim sug‘orib, boqib, oyoqqa turg‘izay! Bolalar otasiz, onasiz yashay olmaydi». Men onaning gapiga kirdim, bir qizchani uning ko‘kragiga qo‘ydim, ikkinchisini qo‘liga berdim-da, osmonga, Parvardigorning huzuriga ko‘tarildim. Parvardigorning huzuriga uchib borib, dedim: «Men tug‘gan ayolning jonini ololmadim. Otasini daraxt bosib o‘ldiribdi, onasi egizak tug‘ibdi va jonini olmaslikni yolvorib so‘rayapti, aytyapti: „Bolalarimni sug‘orib, boqib, oyoqqa turg‘izishimga imkon ber. Bolalar otasiz, onasiz yashay olmaydi“. Men tug‘gan ayolning jonini olmadim». Parvardigor dedi: «Bor, tug‘gan ayolning jonini ol, shunda uchta so‘zni bilib olasan: odamlarda nima borligini, odamlarga nima berilmaganini va odamlar nima bilan tirik ekanini bilasan. Bilib olganingda osmonga qaytasan». Men yana yerga uchib qaytdim va tug‘gan ayolning jonini oldim.

Go‘daklar ko‘krakdan ajralib tushdi. O‘lik tana karavotga ag‘anab tushib, bir qizchani bosib qoldi, oyoqchasini qayirib yubordi. Men jonni Xudoga olib bormoqchi bo‘lib qishloq ustiga ko‘tarildim, shamol meni ilib ketdi, qanotlarim osilib qoldi, uzilib tushdi, jon esa Xudo huzuriga yolg‘iz ketdi, men bo‘lsam yo‘l chetida yerga qulab tushdim.

XI

Shunda Semyon va Matryona kimni kiyintirib, kimni to‘ydirganini, kim ularnikida yashaganini tushunishdi va qo‘rquvdan ham, quvonchdan ham yig‘lab yuborishdi. Farishta esa dedi:

— Men dalada yolg‘iz va yalang‘och edim. Avval men inson muhtojligini bilmasdim, na sovuqni, na ochlikni bilardim, endi esa inson bo‘lib qoldim. Ochiqdim, sovqotdim va nima qilishni bilmasdim. Qarasam — dalada Xudo uchun qurilgan kichik ibodatxona turibdi, Xudoning uyiga yaqinlashib, unda panoh topmoqchi bo‘ldim. Ibodatxona qulflangan, kirib bo‘lmaydi. Shamoldan pana bo‘lay deb ibodatxonaning orqasiga o‘tirdim. Kech kirdi, men ochiqdim, sovuqdan qotdim, butun vujudim og‘riydi. Birdan eshitdim: yo‘lda bir odam kelyapti, qo‘lida etik ko‘tarib, o‘zi bilan o‘zi gaplashib kelyapti. Inson bo‘lganimdan keyin birinchi marta insonning o‘tkinchi, o‘limga mahkum yuzini ko‘rdim, bu yuz menga qo‘rqinchli tuyuldi va undan yuz o‘girdim. Eshitdimki, bu odam o‘zi bilan o‘zi qishda tanasini sovuqdan qanday yopish, xotini va bolalarini qanday boqish haqida gapiryapti. Men o‘yladim: «Men sovuq va ochlikdan halok bo‘lyapman, mana bir odam kelyapti, u faqat o‘zini va xotinini po‘stin bilan qanday yopish va non bilan qanday boqishni o‘ylaydi. U menga yordam bera olmaydi». Odam meni ko‘rib, qovog‘ini soldi, yanada qo‘rqinchli bo‘lib, yonimdan o‘tib ketdi. Men umidimni uzdim. Birdan eshitdim, odam orqasiga qaytib kelyapti. Qaradim-u, avvalgi odamni tanimadim: oldin uning yuzida o‘lim bor edi, endi esa birdan jonlanib ketgan, uning yuzida men Xudoni tanidim. U yonimga kelib, meni kiyintirdi, o‘zi bilan olib, uyiga boshlab keldi. Uyga keldim, bizni bir ayol qarshi olib, gapira boshladi. Ayol erkakdan ham qo‘rqinchliroq edi — og‘zidan o‘likning nafasi chiqardi, o‘lim sasidan nafas ololmasdim. U meni sovuqqa haydab chiqarmoqchi edi, men esa bilardimki, meni haydab chiqarsa, o‘zi o‘ladi. Birdan eri unga Xudoni eslatdi va ayol birdan o‘zgardi. U bizga ovqat berib, menga qarab turganida, men unga qaradim — unda endi o‘lim yo‘q edi, u tirik edi va men unda Xudoni tanidim.

Shunda Xudoning birinchi so‘zini esladim: «Odamlarda nima borligini bilasan». Va bildimki, odamlarda muhabbat bor. Xudo menga va’da qilganini ocha boshlaganidan quvondim va birinchi marta jilmaydim. Lekin hali hammasini bila olmadim. Odamlarga nima berilmaganini va odamlar nima bilan tirik ekanini hali tushuna olmadim.

Sizlarnikida yashay boshladim va bir yil yashadim. Shunda bir odam bir yil kiyilsa ham yirtilmaydigan, qiyshaymaydigan etik buyurgani keldi. Men unga qaradim va birdan uning yelkasi ortida o‘z hamrohimni — o‘lim farishtasini ko‘rdim. Bu farishtani mendan boshqa hech kim ko‘rmadi, lekin men uni tanirdim va bilardimki, quyosh botmasdan oldin boyning joni olinadi. Men o‘yladim: «Odam bir yilga g‘amlanyapti-yu, kechgacha tirik qolmasligini bilmaydi». Shunda Xudoning ikkinchi so‘zini esladim: «Odamlarga nima berilmaganini bilasan».

Odamlarda nima borligini men allaqachon bilardim. Endi odamlarga nima berilmaganini bildim. Odamlarga o‘z tanalari uchun nima kerakligini bilish berilmagan. Va men ikkinchi marta jilmaydim. Hamroh farishtani ko‘rganimdan va Xudo menga ikkinchi so‘zni ochganidan quvondim.

Lekin hali hammasini tushuna olmadim. Odamlar nima bilan tirik ekanini hali tushuna olmadim. Shunda yashab, Xudo menga oxirgi so‘zni qachon ochishini kutdim. Oltinchi yili egizak qizchalar ayol bilan kelishdi, men qizchalarni tanidim va ular qanday qilib tirik qolganini bildim. Bildim-u, o‘yladim: «Ona bolalari uchun yolvordi, men onaga ishondim, bolalar otasiz va onasiz yashay olmaydi, deb o‘yladim; begona ayol esa ularni boqdi, o‘stirdi». Ayol begona bolalarga mehri tovlanib, yig‘lab yuborganida, men unda tirik Xudoni ko‘rdim va odamlar nima bilan tirik ekanini tushundim. Xudo menga oxirgi so‘zni ochganini va meni kechirganini bildim va uchinchi marta jilmaydim.

XII

Shunda farishtaning tanasi ochildi, u butunlay nurga burkandi, hatto ko‘z unga qaray olmasdi; u balandroq ovozda gapira boshladi, go‘yo ovozi undan emas, osmondan kelayotganday edi. Farishta dedi:

— Men bildimki, har bir inson o‘zi haqidagi g‘amxo‘rlik bilan emas, muhabbat bilan tirik.

Onaga bolalarining hayoti uchun nima kerakligini bilish berilmagan edi. Boyga o‘ziga nima kerakligini bilish berilmagan edi. Va hech bir insonga kechgacha unga nima kerakligini bilish berilmagan: tirikka etikmi yoki o‘likka tagcharmsiz kovushmi.

Men inson bo‘lganimda o‘zim haqimda o‘ylaganim tufayli emas, yo‘lovchi odam va uning xotinida muhabbat borligi, ular menga rahm qilib, meni sevganlari tufayli tirik qoldim. Yetimlar ular haqida kimdir o‘ylagani tufayli emas, begona ayolning yuragida muhabbat borligi, u ularga rahm qilib, ularni sevgani tufayli tirik qolishdi. Barcha odamlar ham o‘zlari haqida o‘ylagani tufayli emas, odamlarda muhabbat borligi tufayli tirik.

Avval men Xudo odamlarga hayot berganini va ularning yashashini istashini bilardim; endi yana bir narsani tushundim.

Tushundimki, Xudo odamlarning bir-biridan ayri yashashini istamaydi, shuning uchun ularning har biriga o‘ziga nima kerakligini ochmadi; u ularning birlikda yashashini istaydi, shuning uchun ularga o‘zlari uchun ham, hamma uchun ham nima kerakligini ochdi.

Endi tushundimki, odamlarga faqat o‘zlari haqidagi g‘amxo‘rlik bilan tirikdek tuyuladi, aslida ular yolg‘iz muhabbat bilan tirik. Kim muhabbatda bo‘lsa, u Xudoda, Xudo ham unda, chunki Xudo — muhabbatdir.

Farishta Xudoga hamd ayta boshladi, uning ovozidan uy larzaga keldi. Shift ochilib, yerdan osmonga qadar olov ustun ko‘tarildi. Semyon xotini va bolalari bilan yerga yiqilishdi. Farishtaning yelkasida qanotlar yoyildi va u osmonga ko‘tarildi.

Semyon hushiga kelganida, uy avvalgiday turar, uyda esa oila a’zolaridan boshqa hech kim yo‘q edi.

← Oldingi bobKeyingi bob →