Ayriliq
Ertasi kuni Gerasim butun kun ko‘rinmadi, shuning uchun uning o‘rniga suvga aravakash Potap borishiga to‘g‘ri keldi — aravakash Potap bundan juda norozi bo‘ldi. Xonim Gavriladan buyrug‘i bajarildimi, deb so‘radi. Gavrila bajarildi, deb javob berdi. Yana bir kun o‘tib, ertalab Gerasim hujrasidan ishga chiqdi. Tushlikka keldi, ovqatlandi va hech kimga bosh irg‘amay yana chiqib ketdi. Barcha kar-soqovlarniki kabi shusiz ham jonsiz yuzi endi go‘yo toshga aylangan edi. Tushlikdan keyin u yana hovlidan chiqib ketdi, ammo uzoq qolmadi, qaytib keldi-yu, darhol pichanxonaga yo‘l oldi.
Oydin, musaffo tun kirdi. Gerasim og‘ir xo‘rsinib, tinimsiz u yonboshidan bu yonboshiga ag‘darilib yotar edi, birdan go‘yo kimdir etagidan tortayotganini sezdi; butun vujudi titrab ketdi, ammo boshini ko‘tarmadi, hatto ko‘zlarini chirt yumdi; mana, yana tortishdi, avvalgidan ham qattiqroq; u sakrab turdi... ro‘parasida, bo‘ynida uzilgan arqon parchasi bilan Mumu aylanib turardi. Uning tilsiz ko‘ksidan cho‘ziq shodlik nidosi otilib chiqdi; u Mumuni ushlab, quchog‘iga mahkam bosdi; Mumu bir zumda uning burnini, ko‘zlarini, mo‘ylovi va soqolini yalab chiqdi... U bir oz turdi, o‘yladi, pichan ustidan ehtiyotlik bilan tushdi, atrofga qaradi va hech kim ko‘rmasligiga ishonch hosil qilgach, o‘z hujrasiga eson-omon o‘tib oldi.
Gerasim it o‘z-o‘zidan yo‘qolmaganini, uni xonimning buyrug‘i bilan olib ketishgan bo‘lsa kerakligini ilgariroq ham taxmin qilgan edi: odamlar unga Mumu xonimga qanday tishini ko‘rsatganini imo-ishora bilan tushuntirib berishgan edi — va u o‘z choralarini ko‘rishga qaror qildi. Avval Mumuni nonchalar bilan boqdi, erkaladi, yotqizdi, keyin o‘ylay boshladi va tun bo‘yi uni qanday qilib yaxshiroq yashirish haqida o‘ylab chiqdi. Nihoyat, kun bo‘yi uni hujrada qoldirib, faqat goh-goh xabar olib turishni, kechasi esa olib chiqishni o‘yladi. Eshikdagi tuynukni eski chakmoni bilan mahkam tiqib qo‘ydi va tong otar-otmas, go‘yo hech narsa bo‘lmagandek, hatto yuzidagi avvalgi ma’yuslikni ham saqlab (begunoh hiyla!) hovlida edi.
Bechora karning xayoliga ham kelmadiki, Mumu o‘z chiyillashi bilan o‘zini fosh qilib qo‘yadi: haqiqatan ham, uydagilarning hammasi tez orada soqovning iti qaytib kelganini va uning hujrasida qamalib o‘tirganini bilib olishdi, ammo unga ham, itga ham rahmlari kelib, qisman, balki undan qo‘rqqanlari uchun ham, uning sirini bilib qolganlarini unga sezdirishmadi. Faqat uy boshqaruvchisi ensasini qashib qo‘ydi-da, qo‘lini siltadi: «Mayli-da, Xudo yor bo‘lsin unga! Balki xonimning qulog‘iga yetmas!» Buning evaziga soqov hech qachon o‘sha kungidek tirishqoqlik qilmagan edi: butun hovlini supurib, qirib tozaladi, bitta qoldirmay hamma o‘tlarni yulib tashladi, oldingi bog‘cha devoridagi barcha qoziqlarni yetarlicha mustahkammikan, deb o‘z qo‘li bilan sug‘urib ko‘rdi va keyin ularni yana o‘zi qoqib qo‘ydi — xullas, shunchalik ovora bo‘lib, tirishib ishladiki, hatto xonim ham uning g‘ayratiga e’tibor berdi.
Kun davomida Gerasim ikki marta yashirincha o‘z mahbusasining oldiga borib keldi; tun kirganda esa pichanxonada emas, hujrada u bilan birga uxlashga yotdi va faqat soat ikkilarda u bilan toza havoda sayr qilgani chiqdi. U bilan hovlida ancha uzoq aylanib yurib, endi qaytmoqchi bo‘lib turgan edi, birdan devor ortidan, tor ko‘cha tomondan shitirlash eshitildi. Mumu quloqlarini ding qildi, irilladi, devorga yaqinlashib, hidladi va baland, chinqiroq ovoz bilan vovullay ketdi. Allaqanday mast odam tunni o‘sha yerda o‘tkazishni ko‘ngliga tugib qo‘ygan ekan.
Aynan shu paytda xonim uzoq davom etgan «asabiy hayajon»dan keyin endigina uyquga ketayotgan edi: bu hayajonlar unda hamisha juda to‘yib qilingan kechki ovqatdan keyin bo‘lardi. To‘satdan eshitilgan vovullash uni uyg‘otib yubordi; yuragi duk-duk urib, so‘ng to‘xtab qolgandek bo‘ldi.
— Qizlar, qizlar! — deb ingradi u. — Qizlar!
Qo‘rqib ketgan xizmatkor qizlar uning yotoqxonasiga otilib kirishdi.
— Voy, voy, o‘lyapman! — dedi u qo‘llarini mungli yoyib. — Yana, yana o‘sha it!.. Voy, doktorni chaqiringlar. Ular meni o‘ldirmoqchi... It, yana it! Voy!
Va u boshini orqaga tashladi — bu hushdan ketishni bildirishi kerak edi. Doktorga, ya’ni uy tabibi Xaritonga yugurishdi. Bu tabibning butun mahorati shundan iborat ediki, u tagi yumshoq etik kiyar, tomirni nazokat bilan ushlashni bilar, sutkasiga o‘n to‘rt soat uxlar, qolgan vaqtda esa doim xo‘rsinib, xonimni to‘xtovsiz lavrogilos tomchilari bilan siylab turardi. Bu tabib zudlik bilan yugurib keldi, kuydirilgan patlar tutatdi va xonim ko‘zini ochishi bilan darhol kumush patnischada qadrdon tomchilar solingan ryumkani tutdi. Xonim ularni ichdi, ammo shu zahoti yig‘amsiragan ovozda yana itdan, Gavriladan, o‘z qismatidan, uni, bechora keksa ayolni hamma tashlab ketganidan, hech kim unga achinmasligidan, hamma uning o‘limini istashidan nolishga tushdi.
Bu orada baxtsiz Mumu vovullashda davom etar, Gerasim esa uni devordan chaqirib olishga behuda urinardi.
— Mana... mana... yana... — deb shivirladi xonim va yana ko‘zlarini peshonasiga olib chiqdi.
Tabib bir qizga shivirladi, qiz dahlizga otildi, Stepanni turtib uyg‘otdi, Stepan Gavrilani uyg‘otgani yugurdi, Gavrila esa jahl ustida butun uyni oyoqqa turg‘izishni buyurdi.
Gerasim o‘girildi, derazalarda miltillay boshlagan chiroqlar va soyalarni ko‘rdi va yuragi bilan baloni sezib, Mumuni qo‘ltig‘iga oldi-da, hujrasiga yugurib kirib, eshikni ichkaridan berkitdi. Bir necha lahzadan keyin besh kishi eshikni buzib kirmoqchi bo‘ldi, ammo zulfinning qarshiligini sezib, to‘xtashdi. Gavrila dahshatli shoshqaloqlikda yugurib keldi, hammaga ertalabgacha shu yerda qolib, qorovullik qilishni buyurdi, o‘zi esa qizlar xonasiga otildi va katta hamroh Lyubov Lyubimovna orqali — u bilan birga choy, qand va boshqa baqqollik mollarini o‘g‘irlab, hisob-kitob qilib turardi — xonimga ma’lum qilishni buyurdi: it, afsuski, yana qayerdandir qochib kelibdi, ammo ertagayoq uning tirik qolmasligi aniq, xonim marhamat qilib g‘azablanmasinlar va tinchlansinlar. Xonim, ehtimol, unchalik tez tinchlanmagan bo‘lardi, ammo tabib shoshilib, o‘n ikki tomchi o‘rniga butun qirq tomchi quyib yuborgan edi; lavrogilosning kuchi ta’sir qildi — chorak soatdan keyin xonim allaqachon qattiq va osuda uxlab yotardi; Gerasim esa butunlay oqarib, karavotida yotar va Mumuning og‘zini mahkam qisib turardi.
Ertasi kuni ertalab xonim ancha kech uyg‘ondi. Gavrila Gerasimning boshpanasiga qat’iy hujum qilishga buyruq berish uchun uning uyg‘onishini kutar, o‘zi esa kuchli momaqaldiroqqa bardosh berishga tayyorlanardi. Ammo momaqaldiroq bo‘lmadi. To‘shakda yotgancha xonim katta tekinxo‘r hamrohini huzuriga chaqirtirdi.
— Lyubov Lyubimovna, — deb gap boshladi u past va zaif ovozda; u ba’zan o‘zini quvg‘in qilingan, yetim qolgan mazlumadek ko‘rsatishni yaxshi ko‘rardi; bunday paytda uydagi hamma odamlar o‘zlarini juda noqulay sezishlarini aytib o‘tirishning hojati yo‘q. — Lyubov Lyubimovna, ko‘rib turibsiz, ahvolim qanday; boring, jonginam, Gavrila Andreichning oldiga, u bilan gaplashing: nahotki u uchun qandaydir itcha o‘z xonimining osoyishtaligidan, hayotidan ham aziz bo‘lsa? Bunga ishongim kelmasdi, — deb qo‘shib qo‘ydi u chuqur tuyg‘u ifodasi bilan, — boring, jonginam, yaxshilik qiling, Gavrila Andreichning oldiga boring.
Lyubov Lyubimovna Gavrilaning xonasiga yo‘l oldi. Ular nima haqda gaplashgani noma’lum; ammo bir muncha vaqtdan keyin hovli bo‘ylab Gerasimning hujrasi tomon bir to‘da odam siljib bormoqda edi: oldinda, shamol yo‘q bo‘lsa ham kepkasini qo‘li bilan ushlab, Gavrila borardi; uning yonida malaylar va oshpazlar ketishardi; derazadan Dum amaki qarab turar va farmoyish berardi, ya’ni shunchaki qo‘llarini yoyib qo‘yardi; hammaning orqasida bolakaylar sakrab-irg‘ishlab borishardi, ularning yarmi begonalardan yugurib kelgan edi. Hujraga olib chiqadigan tor zinapoyada bitta qorovul o‘tirardi; eshik oldida tayoq ushlagan yana ikkitasi turardi. Zinaga chiqa boshlashdi, uni butun uzunligi bo‘ylab egallab olishdi. Gavrila eshikka yaqinlashib, uni musht bilan taqillatdi va qichqirdi:
— Och!
Bo‘g‘iq vovullash eshitildi; ammo javob bo‘lmadi.
— Och, deyapman! — deb takrorladi u.
— Gavrila Andreich, — deb pastdan e’tiroz bildirdi Stepan, — axir u kar-ku — eshitmaydi.
Hamma kulib yubordi.
— Unda nima qilamiz? — dedi tepadan Gavrila.
— Uning eshigida tuynuk bor, — javob berdi Stepan, — o‘sha yerdan tayoq bilan bir qimirlatib qo‘ying.
Gavrila engashdi.
— U tuynukni qandaydir chakmon bilan tiqib qo‘yibdi.
— Chakmonni ichkariga itarib yuboring.
Shu payt yana bo‘g‘iq vovullash eshitildi.
— Ana, ana, o‘zi o‘zini bildiryapti, — deyishdi olomondan va yana kulishdi.
Gavrila qulog‘ining orqasini qashidi.
— Yo‘q, birodar, — dedi u nihoyat, — chakmonni xohlasang, o‘zing itarib ko‘r.
— Nima qipti, marhamat!
Stepan yuqoriga tirmashib chiqdi, tayoqni oldi, chakmonni ichkariga itarib yubordi va «Chiq, chiq!» deb tuynukda tayoqni aylantira boshladi. U hali tayoqni aylantirib turgan edi, birdan hujra eshigi shart ochildi — butun xizmatkorlar to‘dasi shu zahoti zinadan dumalab tushdi, hammadan oldin Gavrila. Dum amaki derazani yopib oldi.
— Qani, qani, qani, qani, — deb qichqirardi Gavrila hovlidan, — ehtiyot bo‘l, menga qara, ehtiyot bo‘l!
Gerasim ostonada qimir etmay turardi. Olomon zinapoya tagiga to‘plandi. Gerasim qo‘llarini beliga yengil tirab, nemischa kaftan kiygan bu odamchalarning hammasiga yuqoridan qarab turardi; qizil dehqoncha ko‘ylagida u ularning oldida allaqanday devdek ko‘rinardi. Gavrila bir qadam oldinga chiqdi.
— Ehtiyot bo‘l, birodar, — dedi u, — menga sho‘xlik qilma.
Va u xonim albatta itingni talab qilyaptilar, uni hozir ber, aks holda boshingga balo keladi, deb unga imo-ishora bilan tushuntira boshladi.
Gerasim unga qaradi, itni ko‘rsatdi, qo‘li bilan bo‘ynida go‘yo sirtmoq tortayotgandek ishora qildi va savol nazari bilan uy boshqaruvchisiga qaradi.
— Ha, ha, — dedi u boshini irg‘ab, — ha, albatta.
Gerasim ko‘zlarini yerga tikdi, so‘ng birdan silkinib oldi, yana Mumuni — butun vaqt uning yonida begunoh dumini likillatib, qiziqish bilan quloqlarini qimirlatib turgan Mumuni ko‘rsatdi, bo‘yni ustida bo‘g‘ish ishorasini takrorladi va ma’noli qilib ko‘kragiga urdi — go‘yo Mumuni yo‘qotishni o‘z zimmasiga olayotganini bildirdi.
— Aldaysan-da, — deb qo‘l siltadi unga javoban Gavrila.
Gerasim unga qaradi, nafrat bilan kulimsiradi, yana ko‘kragiga urdi va eshikni qarsillatib yopdi. Hamma indamay bir-biriga qarab qoldi.
— Bu nima degani? — deb gap boshladi Gavrila. — Qamalib oldimi?
— Qo‘ying uni, Gavrila Andreich, — dedi Stepan, — va’da bergan bo‘lsa, qiladi. U shunaqa odam... Va’da berdimi — bas, aniq. Bu borada u biz kabilarga o‘xshamaydi. Rost gap rost. Ha.
— Ha, — deb takrorlashdi hamma va boshlarini silkitishdi. — Shunday. Ha.
Dum amaki derazani ochib, u ham: «Ha», — dedi.
— Mayli, ko‘ramiz, — dedi Gavrila, — ammo qorovulni baribir olmanglar. Hoy, sen, Yeroshka! — dedi u bog‘bon hisoblangan, sariq nanka kazakin kiygan allaqanday rangpar odamga murojaat qilib. — Senga nima ish bor? Tayoqni ol-da, shu yerda o‘tir, biror gap bo‘lsa, darhol menga yugur!
Yeroshka tayoqni olib, zinaning eng pastki pog‘onasiga o‘tirdi. Bir necha qiziquvchilar va bolakaylardan boshqa olomon tarqaldi, Gavrila esa uyiga qaytib, Lyubov Lyubimovna orqali xonimga hammasi bajarildi, deb ma’lum qilishni buyurdi, o‘zi esa har ehtimolga qarshi otboqar bolani mahalla posboniga jo‘natdi. Xonim dastro‘molining uchini tugib, unga odekolon sepdi, hidladi, chakkalarini ishqaladi, choyini ichdi va hali lavrogilos tomchilarining ta’siri ostida bo‘lgani uchun yana uxlab qoldi.
Bu tashvishlardan bir soat o‘tgach, hujraning eshigi ochildi va Gerasim ko‘rindi. Egnida bayramona kaftan bor edi; u Mumuni ipga bog‘lab yetaklab borardi. Yeroshka chetga chiqib, unga yo‘l berdi. Gerasim darvoza tomon yo‘naldi. Bolakaylar va hovlida bo‘lgan hamma uni indamay ko‘zlari bilan kuzatib qolishdi. U hatto ortiga ham qaramadi; qalpog‘ini faqat ko‘chaga chiqqandagina kiydi. Gavrila uning ortidan kuzatuvchi sifatida o‘sha Yeroshkani yubordi. Yeroshka uzoqdan Gerasimning it bilan birga qovoqxonaga kirganini ko‘rdi va uning chiqishini kuta boshladi.
Qovoqxonada Gerasimni tanishar va uning imo-ishoralarini tushunishardi. U go‘shtli karam sho‘rva so‘radi va qo‘llarini stolga tirab o‘tirdi. Mumu uning stuli yonida turib, aqlli ko‘zchalari bilan unga xotirjam qarab turardi. Junlari yaltirab turardi: yaqinda taralgani ko‘rinib turardi. Gerasimga sho‘rva olib kelishdi. U sho‘rvaga non to‘g‘radi, go‘shtni mayda qilib kesdi va likopchani yerga qo‘ydi. Mumu odatdagi odobi bilan, tumshug‘ini taomga zo‘rg‘a tekkizib, yeya boshladi. Gerasim unga uzoq qarab turdi; birdan ko‘zlaridan ikki tomchi og‘ir yosh dumalab tushdi: biri itchaning do‘ng peshonasiga, ikkinchisi — sho‘rvaga tushdi. U yuzini qo‘li bilan to‘sdi. Mumu likopchaning yarmini yedi-da, yalanib, nari ketdi. Gerasim o‘rnidan turdi, sho‘rva pulini to‘ladi va qovoqxona xizmatkorining biroz hayron nazari ostida chiqib ketdi. Yeroshka Gerasimni ko‘rib, burchakka o‘zini urdi va uni o‘tkazib yuborgach, yana ortidan ergashdi.
Gerasim shoshilmay borar va Mumuni ipdan qo‘yib yubormasdi. Ko‘cha muyulishiga yetgach, go‘yo o‘ylanib qolgandek to‘xtadi va birdan tez-tez qadam tashlab, to‘ppa-to‘g‘ri Qrim kechuvi tomon yo‘l oldi. Yo‘lda u yoniga qanot uy qurilayotgan bir hovliga kirib, u yerdan qo‘ltig‘iga ikkita g‘isht olib chiqdi. Qrim kechuvidan qirg‘oq bo‘ylab burildi, eshkaklari qoziqlarga bog‘lab qo‘yilgan ikkita qayiqcha turgan joyga yetib keldi (ularni u avvalroq ko‘rib qo‘ygan edi) va Mumu bilan birga ulardan biriga sakrab tushdi. Polizning burchagiga qurilgan kapa ortidan cho‘loq bir chol chiqib, unga qarab baqirdi. Ammo Gerasim faqat boshini irg‘ab qo‘ydi-da, daryo oqimiga qarshi bo‘lsa ham shunchalik qattiq eshkak eshishga tushdiki, bir zumda yuz sajencha uzoqlashib ketdi. Chol turdi, turdi, avval chap, so‘ng o‘ng qo‘li bilan orqasini qashidi va oqsoqlanib kapasiga qaytdi.
Gerasim esa eshkak eshgani eshgan edi. Mana, Moskva ham ortda qoldi. Mana, qirg‘oqlar bo‘ylab o‘tloqlar, polizlar, dalalar, to‘qayzorlar cho‘zilib ketdi, kulbalar ko‘rindi. Qishloq havosi ufurdi. U eshkaklarni tashladi, oldida — qayiq tubini suv bosgan edi — quruq to‘sinchada o‘tirgan Mumuga boshini bosdi va baquvvat qo‘llarini uning orqasida chalishtirgancha qimir etmay qoldi, qayiqni esa to‘lqin asta-sekin orqaga, shahar tomon surardi. Nihoyat, Gerasim qaddini rostladi, yuzida qandaydir alamli g‘azab bilan shosha-pisha olgan g‘ishtlarini arqon bilan o‘radi, sirtmoq yasadi, uni Mumuning bo‘yniga kiydirdi, itni daryo ustiga ko‘tardi, unga so‘nggi marta qaradi... Mumu unga ishonch bilan, qo‘rqmay qarab, dumchasini sekin likillatardi. U teskari o‘girildi, ko‘zlarini yumdi va qo‘llarini ochib yubordi...
Gerasim hech narsa eshitmadi — na yiqilayotgan Mumuning tez chiyillashini, na suvning og‘ir chulpillashini; uning uchun eng shovqinli kun ham sukutga cho‘mgan, tovushsiz edi — biz uchun hech bir eng sokin tun ham bunchalik tovushsiz bo‘lmaydi. U yana ko‘zini ochganda, daryo bo‘ylab avvalgidek kichkina to‘lqinlar go‘yo bir-birini quvib shoshilar, avvalgidek qayiqning yonlariga sekin chayqalib urilar, faqat ancha orqada, qirg‘oq tomon allaqanday keng doiralar yoyilib borardi.
Yeroshka Gerasim ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilan uyga qaytib, ko‘rganlarini oqizmay-tomizmay yetkazdi.
— Ha, aytdim-ku, — dedi Stepan, — uni cho‘ktiradi. Xotirjam bo‘lsa bo‘ladi. U biror narsa va’da qildimi...
Kun bo‘yi Gerasimni hech kim ko‘rmadi. U uyda tushlik qilmadi. Kech kirdi; undan boshqa hamma kechki ovqatga yig‘ildi.
— Qanaqa g‘alati odam o‘zi bu Gerasim! — deb chiyilladi semiz kir yuvuvchi xotin. — Bitta it deb shunchalik yurish ham bo‘ladimi!.. Rostdan!
— Gerasim shu yerda edi-ku, — dedi birdan Stepan qoshig‘iga bo‘tqa olayotib.
— Qanaqasiga? Qachon?
— Mana, ikki soatcha oldin. Rost. Darvozada u bilan to‘qnashib qoldim; u yana bu yerdan ketayotgan edi, hovlidan chiqib borardi. Undan it haqida so‘ramoqchi edim, lekin, shekilli, kayfiyati yo‘q edi. Meni bir turtdi; ehtimol, shunchaki meni chetga surib qo‘ymoqchi bo‘lgandir: go‘yo «yopishma» demoqchi bo‘lgandir, — ammo shunaqangi zo‘r qilib bo‘ynimning tagiga tushirdiki, voy-voy-voy! — Va Stepan beixtiyor kulimsirab, qisinib, ensasini ishqaladi. — Ha, — deb qo‘shib qo‘ydi u, — qo‘li zo‘r, barakali qo‘l, gap yo‘q.
Hamma Stepanning ustidan kuldi va kechki ovqatdan keyin uxlagani tarqalishdi.
Ayni o‘sha paytda esa T... shossesi bo‘ylab yelkasida qop, qo‘lida uzun tayoq bilan allaqanday bir dev tirishib, to‘xtovsiz qadam tashlab borardi. Bu Gerasim edi. U ortiga qaramay shoshilardi — uyiga, o‘z qishlog‘iga, ona yurtiga shoshilardi. Bechora Mumuni cho‘ktirgach, u hujrasiga yugurib kelib, bor-yo‘q narsalarini eski ot yopig‘iga chaqqonlik bilan joyladi, tugun qilib bog‘ladi, yelkasiga ortdi-yu, jo‘nab qoldi. Yo‘lni u hali uni Moskvaga olib kelishgandayoq yaxshi eslab qolgan edi; xonim uni olib kelgan qishloq shossedan atigi yigirma besh chaqirim narida edi.
U shosse bo‘ylab qandaydir buzilmas jasorat bilan, ham alamli, ham shodiyona qat’iyat bilan borardi. U borardi; ko‘ksi keng ochildi; ko‘zlari ochko‘zlik bilan to‘ppa-to‘g‘ri oldinga tikildi. U go‘yo ona yurtida keksa onasi uni kutib turgandek, go‘yo begona yurtlarda, begona odamlar orasida uzoq sarson-sargardonlikdan so‘ng onasi uni o‘z bag‘riga chorlayotgandek shoshilardi...
Endigina kirgan yozgi tun sokin va iliq edi; bir tomonda, quyosh botgan joyda, osmon cheti hali oqarib, so‘nib borayotgan kunning so‘nggi shu’lasidan sal pushti tusga kirib turardi, — boshqa tomondan esa allaqachon ko‘kimtir, kulrang g‘ira-shira ko‘tarilib kelardi. Tun o‘sha tomondan kelardi. Atrofda yuzlab bedanalar sayrar, qaqildoqlar bir-biridan o‘zib chaqirishardi... Gerasim ularni eshita olmasdi, baquvvat oyoqlari uni yonidan olib o‘tayotgan daraxtlarning sezgir tungi shivirini ham eshita olmasdi; ammo u qorong‘i dalalardan ufurib turgan pishib kelayotgan javdarning tanish hidini sezar, unga qarshi esayotgan shamol — ona yurt shamoli — yuziga mehr bilan urilib, sochi va soqoli bilan o‘ynashayotganini sezardi; oldida oqarib yotgan yo‘lni — o‘qdek to‘g‘ri, uyga olib boruvchi yo‘lni ko‘rardi; osmonda uning yo‘lini yoritayotgan son-sanoqsiz yulduzlarni ko‘rardi va sherdek kuchli va tetik qadam tashlardi. Shunday qilib, chiqib kelayotgan quyosh endigina qizib olgan yigitni nam-qizg‘ish nurlari bilan yoritganda, u bilan Moskva orasida o‘ttiz besh chaqirim yo‘l yotardi...
Ikki kundan keyin u allaqachon uyida, o‘z kulbachasida edi — u yerga joylashtirilgan soldat xotinini qattiq hayratga solib. Ikonalar oldida ibodat qilib, darhol qishloq oqsoqolining oldiga bordi. Oqsoqol avvaliga hayron bo‘ldi; ammo pichan o‘rimi endigina boshlangan edi: Gerasimning qo‘liga, a’lo ishchi sifatida, shu zahoti chalg‘i berishdi — va u eskicha o‘rishga tushdi, shunday o‘rdiki, uning siltashlari va yig‘ishlariga qarab, mujiklarning eti uvishib ketardi...
Moskvada esa, Gerasim qochib ketganining ertasiga uni yo‘qlab qolishdi. Hujrasiga borishdi, titkilab chiqishdi, Gavrilaga aytishdi. U kelib, qarab chiqdi, yelka qisdi va soqov yo qochib ketgan, yo o‘zining ahmoq iti bilan birga cho‘kib ketgan, degan qarorga keldi. Politsiyaga xabar berishdi, xonimga ma’lum qilishdi. Xonim g‘azablandi, yig‘lab yubordi, uni har qanday yo‘l bilan topishni buyurdi, men hech qachon itni yo‘q qilishni buyurmaganman, deb ishontirdi va nihoyat Gavrilaga shunday tanbeh berdiki, u kun bo‘yi faqat boshini silkitib, «Ana xolos!» deb takrorlab yurdi — toki Dum amaki unga «A-na xo-los!» deb aqlini kiritib qo‘ymaguncha. Nihoyat, qishloqdan Gerasimning u yerga yetib borgani haqida xabar keldi. Xonim biroz tinchlandi; avvaliga uni darhol Moskvaga qaytarib olib kelishni buyurdi, ammo keyin bunday noshukur odam unga sira ham kerak emasligini e’lon qildi. Darvoqe, u o‘zi ham ko‘p o‘tmay vafot etdi; merosxo‘rlarining esa Gerasimga parvosi yo‘q edi: ular onalarining qolgan odamlarini ham obrok to‘lab yashashga qo‘yib yuborishdi.
Gerasim hozirgacha o‘zining yolg‘iz kulbasida bo‘ydoq bo‘lib yashaydi; avvalgidek sog‘lom va qudratli, avvalgidek to‘rt kishining ishini qiladi, avvalgidek salobatli va vazmin. Ammo qo‘shnilar payqashdiki, Moskvadan qaytganidan beri u xotin-qizlar bilan butunlay aloqani uzgan, hatto ularga qaramaydi ham, birorta ham it boqmaydi. «Ha, mayli, — deyishadi mujiklar, — xotinga muhtoj emasligi uning baxti; it esa — it unga nimaga kerak? Uning hovlisiga o‘g‘rini arqon bilan sudrab ham olib kirolmaysan!» Soqovning polvonona kuchi haqida mana shunday gap yuradi.