Mumu
Kech kirib qolgan edi. U sekin yurib, suvga qarab borardi. Birdan unga qirg‘oqning shundoqqina yonida, loyqada nimadir tipirchilayotgandek tuyuldi. U engashib qaradi va oq tanli, qora dog‘li kichkina kuchukchani ko‘rdi: u bor kuchi bilan urinsa ham, suvdan chiqa olmas, tipirchilar, sirpanib ketar va ho‘l, ozg‘in tanasi bilan dag‘-dag‘ titrardi. Gerasim baxtsiz kuchukchaga qarab turdi-da, uni bir qo‘li bilan ilib olib, qo‘yniga soldi va katta-katta qadamlar bilan uyiga yo‘l oldi. Hujrasiga kirib, qutqarilgan kuchukchani karavotga yotqizdi, ustini og‘ir chakmoni bilan yopdi, avval otxonaga somon olgani, keyin oshxonaga bir piyolacha sut olgani yugurdi. Chakmonni ehtiyotlik bilan ochib, somonni to‘shab, sutni karavotga qo‘ydi.
Bechora kuchukcha bor-yo‘g‘i uch haftalik edi, ko‘zlari yaqinda ochilgan edi; bir ko‘zi hatto ikkinchisidan biroz kattaroq ko‘rinardi; u hali piyoladan ichishni bilmas, faqat titrab, ko‘zlarini qisardi. Gerasim uni ikki barmog‘i bilan boshidan sekingina ushlab, tumshug‘ini sutga engashtirdi. Kuchukcha birdan pishqirib, qaltirab, qalqib-qalqib ochko‘zlik bilan icha boshladi. Gerasim qarab turdi, qarab turdi-yu, birdan kulib yubordi... Tun bo‘yi u kuchukcha bilan ovora bo‘ldi: uni yotqizdi, artdi va nihoyat o‘zi ham uning yonida qandaydir shod va sokin uyquga ketdi.
Hech bir ona o‘z bolasiga Gerasim o‘z tarbiyalanuvchisiga qaragandek g‘amxo‘rlik qilmaydi. (Kuchuk urg‘ochi bo‘lib chiqdi.) Dastlab u juda zaif, nimjon va ko‘rimsiz edi, ammo asta-sekin o‘nglanib, tuzalib ketdi, sakkiz oylardan keyin esa xaloskorining tinimsiz g‘amxo‘rligi tufayli uzun quloqli, karnaydek momiq dumli, katta-katta ifodali ko‘zli juda kelishgan ispan zotli itchaga aylandi. U Gerasimga jon-dili bilan bog‘lanib qoldi, undan bir qadam ham ajralmas, hamisha dumchasini likillatib uning ortidan yurardi. Gerasim unga laqab ham qo‘ydi — soqovlar o‘zlarining mo‘ng‘illashi boshqalarning e’tiborini tortishini bilishadi — u uni Mumu deb atadi. Uydagi hamma odamlar uni yaxshi ko‘rib qolishdi va ular ham uni erkalab «Mumunya» deb chaqirishardi. U nihoyatda aqlli edi, hammaga erkalanardi, ammo faqat Gerasimni sevardi. Gerasimning o‘zi ham uni jonidan ortiq yaxshi ko‘rardi... va boshqalar uni silashsa, yoqtirmasdi: u uchun qo‘rqarmidi, uni rashk qilarmidi — Xudo biladi!
Mumu uni ertalablari etagidan tortib uyg‘otar, o‘zi juda do‘st tutingan keksa suv tashuvchi otni jilovidan yetaklab uning oldiga olib kelar, yuzida jiddiy ifoda bilan u bilan birga daryoga borar, uning supurgi va belkuraklarini qo‘riqlar, hujrasiga hech kimni yaqinlashtirmasdi. Gerasim uning uchun eshigiga ataylab tuynuk o‘yib qo‘ydi va Mumu go‘yo faqat Gerasimning hujrasidagina to‘la xo‘jayin ekanini sezardi, shuning uchun ichkari kirishi bilanoq mamnun qiyofada karavotga sakrab chiqardi. Kechasi u umuman uxlamasdi, ammo ba’zi ahmoq hovli itlariga o‘xshab, orqa oyoqlariga o‘tirib, tumshug‘ini ko‘tarib, ko‘zlarini yumib, shunchaki zerikkanidan, yulduzlarga qarab, odatda ketma-ket uch marta vovullaydigan itlarday bejiz hurmasdi — yo‘q! Mumuning ingichka ovozi hech qachon behuda yangramasdi: yo devorga begona odam yaqinlashib kelgan bo‘lardi, yo biror yerda shubhali shovqin yoki shitirlash ko‘tarilgan bo‘lardi... Qisqasi, u a’lo darajada qo‘riqchilik qilardi.
To‘g‘ri, hovlida undan tashqari yana sariq tusli, jigarrang xolli Volchok degan keksa it ham bor edi, ammo uni hech qachon, hatto kechasi ham zanjirdan qo‘yib yuborishmasdi, uning o‘zi ham qariligidan erkinlikni sira talab qilmasdi — iniga g‘ujanak bo‘lib yotar va faqat goh-goh xirillagan, deyarli tovushsiz vovullab qo‘yar, go‘yo uning foydasizligini o‘zi ham sezgandek, darhol to‘xtatardi. Mumu xo‘jayinlar uyiga kirmasdi va Gerasim xonalarga o‘tin tashiganda, hamisha orqada qolib, quloqlarini ding qilib, eshik ortidagi har bir arzimas taqillashga boshini goh o‘ngga, goh birdan chapga burib, uni ayvon oldida sabrsizlik bilan kutib turardi...
Shu tariqa yana bir yil o‘tdi. Gerasim hovli farroshi sifatidagi yumushlarini davom ettirar, taqdiridan juda mamnun edi, biroq birdan kutilmagan bir hodisa yuz berdi... chunonchi, mana bunday.
Yozning ochiq kunlaridan birida xonim o‘zining tekinxo‘r hamrohlari bilan mehmonxonada u yoqdan-bu yoqqa yurardi. Kayfiyati chog‘ edi, kular, hazillashardi; hamrohlari ham kulib, hazillashishar, ammo ichlarida alohida bir quvonch sezmasdilar: uyda xonimga xushchaqchaqlik soati kelishini unchalik yoqtirishmasdi, chunki, birinchidan, u bunday paytlarda hammadan darhol va to‘liq hamdardlik talab qilar, kimningdir yuzi mamnunlikdan porlab turmasa, jahli chiqardi; ikkinchidan, bu shodlik chaqnashlari uzoqqa cho‘zilmas, odatda o‘rnini qovog‘i soliq, achchiq bir kayfiyat egallardi. O‘sha kuni u negadir yaxshi kayfiyatda turgan edi: ertalabki fol kartalarida unga to‘rtta valet chiqqan — orzular ushaladi, degani (u har kuni ertalab fol ochardi), — choy ham unga ayniqsa mazali tuyulgan, buning uchun oqsoch og‘zaki maqtov va o‘n tiyin pul olgan edi. Burishgan lablarida shirin tabassum bilan xonim mehmonxonada aylanib yurib, deraza oldiga keldi. Deraza oldida kichik gulzor bor edi; gulzorning qoq o‘rtasidagi gulbandda, atirgul butasi tagida Mumu yotib, bir suyakni berilib g‘ajiyotgan edi. Xonim uni ko‘rib qoldi.
— Voy xudoyim! — deb xitob qildi u birdan. — Bu qanaqa it?
Xonim murojaat qilgan hamroh bechora, qaram odamni boshlig‘ining xitobini qanday tushunish kerakligini hali yaxshi bilmay turganda odatda chulg‘ab oladigan o‘sha g‘amgin bezovtalik bilan alang-jalang qilib qoldi.
— B...b...ilmadim, xonim, — deb g‘o‘ldiradi u, — shekilli, soqovniki.
— Voy xudoyim! — gapini bo‘ldi xonim. — Juda yoqimtoy kuchukcha-ku! Olib kelishsin uni. Anchadan beri uning oldidami? Qanday qilib men uni shu paytgacha ko‘rmagan ekanman?.. Olib kelishsin.
Hamroh shu zahoti dahlizga pirillab uchib chiqdi.
— Hoy, kim bor, kim bor! — deb qichqirdi u. — Tezroq Mumuni olib kelinglar! U gulzorda.
— Uning oti Mumu ekan-da, — dedi xonim, — juda yaxshi ism.
— Voy, juda yaxshi-da, xonim! — deb javob qildi hamroh. — Tezroq bo‘l, Stepan!
Xizmatkorlik vazifasida turgan baquvvat yigit Stepan boshini yerga urib gulzorga otildi va Mumuni ushlab olmoqchi bo‘ldi, ammo u uning barmoqlari ostidan chaqqonlik bilan sirg‘alib chiqdi-da, dumini ko‘tarib, bor kuchi bilan Gerasimning oldiga chopdi. Gerasim bu paytda oshxona yonida bochkani qo‘lida bolalar nog‘orasidek aylantirib, urib-qoqib tozalayotgan edi. Stepan uning ortidan yugurdi va egasining oyoqlari tagida ushlay boshladi, biroq epchil kuchukcha begona qo‘lga tushmas, sakrar, chap berardi. Gerasim bu ur-yiqitni kulimsirab kuzatib turardi; nihoyat Stepan alam bilan qaddini rostladi va unga imo-ishoralar bilan shoshilib tushuntirdi: xonim, deydi, iting o‘z oldiga talab qilyapti. Gerasim biroz ajablandi, ammo Mumuni chaqirdi, uni yerdan ko‘tarib, Stepanga uzatdi. Stepan uni mehmonxonaga olib kirib, parket ustiga qo‘ydi. Xonim mayin ovozda uni o‘z yoniga chaqira boshladi. Umrida hali bunday hashamatli xonalarga kirmagan Mumu juda qo‘rqib ketdi va eshikka otildi, ammo xizmatga shay Stepan uni itarib yuborgach, titrab, devorga yopishib oldi.
— Mumu, Mumu, kel, yonimga kel, xonimning yoniga kel, — derdi bekayim, — kel, ahmoqcha... qo‘rqma...
— Kel, kel, Mumu, xonimning yoniga kel, — deb takrorlashardi hamrohlar, — qani, kel.
Ammo Mumu g‘amgin atrofga alanglar, joyidan qimirlamasdi.
— Unga yeyishga biror narsa olib kelinglar, — dedi xonim. — Muncha ahmoq ekan! Xonimning yoniga kelmaydi. Nimadan qo‘rqadi?
— Hali o‘rganmaganlar-da, — dedi hamrohlardan biri tortinchoq va erkalovchi ovozda.
Stepan bir likopchada sut olib kelib, Mumuning oldiga qo‘ydi, biroq Mumu sutni hidlab ham ko‘rmadi va avvalgidek titrab, alanglayverdi.
— Voy, senga nima bo‘ldi! — dedi xonim va uning oldiga kelib, engashdi-da, silamoqchi bo‘ldi, ammo Mumu boshini titroq bilan burib, tishlarini irjaytirdi. Xonim qo‘lini chaqqon tortib oldi...
Bir lahzalik jimlik cho‘kdi. Mumu go‘yo nolib, kechirim so‘ragandek, sekingina vangilladi... Xonim nari ketib, qovog‘ini soldi. Itning kutilmagan harakati uni cho‘chitib yuborgan edi.
— Voy! — deb qichqirib yuborishdi birdaniga hamma hamrohlar. — Xudo saqlasin, sizni tishlab olmadimi? (Mumu umrida hech kimni, hech qachon tishlamagan edi.) Voy, voy!
— Olib chiqib tashlanglar uni, — dedi kampir o‘zgargan ovozda. — Yaramas kuchuk! Muncha yovuz ekan!
So‘ng sekin o‘girilib, kabinetiga yo‘l oldi. Hamrohlar tortinib bir-birlariga qarab olishdi va uning ortidan ergashmoqchi bo‘lishdi, ammo u to‘xtab, ularga sovuq qaradi-da: «Nima keragi bor? Axir men sizlarni chaqirmayapman-ku», — dedi va chiqib ketdi.
Hamrohlar Stepanga jon holatda qo‘l siltashdi; u Mumuni ilib olib, shosha-pisha eshikdan tashqariga — to‘ppa-to‘g‘ri Gerasimning oyoqlari ostiga uloqtirdi. Yarim soatdan keyin esa uyda chuqur sukunat hukm surar, keksa xonim divanida momaqaldiroqli bulutdan ham qovog‘i soliqroq bo‘lib o‘tirardi.
O‘ylab ko‘rsang, qanday arzimas narsalar ba’zan odamning dilini xira qilishi mumkin!
Kechgacha xonimning kayfiyati buzuq bo‘ldi, hech kim bilan gaplashmadi, karta o‘ynamadi va tunni yomon o‘tkazdi. Unga odatda beriladigan atir emas, boshqasini berishgandek, yostig‘idan sovun hidi kelayotgandek tuyuldi va choyshab-ko‘rpa mutasaddisini barcha choyshablarni bittalab hidlab chiqishga majbur qildi — xullas, juda bezovtalandi va «qizishib ketdi». Ertasiga ertalab Gavrilani odatdagidan bir soat oldin chaqirishni buyurdi.
— Ayt-chi, iltimos, — deb gap boshladi u, Gavrila ichida allanimalarni pichirlab, kabinet ostonasidan hatlab o‘tishi bilanoq, — kechasi bilan hovlimizda vovullab chiqqan qanaqa it? Meni uxlatmadi!
— It, taqsir... qanaqa it ekan... balki soqovning itidir, xonim, — dedi u unchalik dadil bo‘lmagan ovozda.
— Bilmadim, soqovnikimi, boshqa birovnikimi, ishqilib, meni uxlatmadi. Men hayronman, shuncha ko‘p itning nima keragi bor! Bilmoqchiman. Axir bizning hovli itimiz bor-ku?
— Bor, taqsir, albatta bor. Volchok, taqsir.
— Xo‘sh, yana nima kerak, bizga yana itning nima keragi bor? Faqat tartibsizlik keltiradi. Uyda kattasi yo‘q — gap mana shunda. Soqovga itning nima keragi bor? Kim unga mening hovlimda it boqishga ruxsat berdi? Kecha deraza oldiga borsam, u gulzorda yotibdi, allaqanday harom-xarishni sudrab kelib, g‘ajib yotibdi — men esa u yerga atirgul ektirganman...
Xonim bir oz jim qoldi.
— Bugunoq u bu yerda bo‘lmasin... eshityapsanmi?
— Xo‘p bo‘ladi, taqsir.
— Bugunoq. Endi bor. Hisobotga keyin chaqiraman.
Gavrila chiqib ketdi.
Mehmonxonadan o‘tib borarkan, uy boshqaruvchisi tartib uchun qo‘ng‘iroqchani bir stoldan ikkinchisiga olib qo‘ydi, zalda o‘rdaknikiga o‘xshash burnini sekingina qoqib oldi va dahlizga chiqdi. Dahlizda supachada Stepan, jang manzarasi tasvirlangan rasmdagi o‘ldirilgan jangchidek, ko‘rpa o‘rnida yopingan surtugi ostidan yalang oyoqlarini titroq bilan cho‘zib uxlab yotardi. Uy boshqaruvchisi uni turtib uyg‘otdi va past ovozda allaqanday buyruq berdi; Stepan bunga yarim esnab, yarim kulib javob qildi. Boshqaruvchi chiqib ketgach, Stepan sakrab turdi, kaftan va etiklarini kiyib, tashqariga chiqdi va ayvon oldida to‘xtadi. Besh daqiqa ham o‘tmadi, orqasida katta bir bog‘ o‘tin ko‘targan Gerasim, ajralmas hamrohi Mumu bilan birga paydo bo‘ldi. (Xonim yotoqxonasi bilan kabinetini hatto yozda ham isitib turishni buyurardi.) Gerasim eshik oldida yonboshlab turib, uni yelkasi bilan itarib ochdi va yuki bilan uyga kirib ketdi. Mumu odatdagidek uni kutib qoldi. Shunda Stepan qulay fursatni poylab, unga birdan, xuddi kalxat jo‘jaga tashlangandek, otildi, ko‘kragi bilan yerga bosib, quchoqlab oldi-da, hatto shapkasini ham kiymay, u bilan hovlidan chiqib ketdi, birinchi duch kelgan izvoshchiga o‘tirib, Oxotniy ryad bozoriga yeldirib ketdi. U yerda tezda xaridor topib, uni ellik tiyinga berib yubordi — faqat hech bo‘lmasa bir hafta bog‘lab saqlasin, degan shart bilan — va shu zahoti qaytdi. Ammo uyga yetmay izvoshchidan tushdi va hovlini aylanib o‘tib, orqa ko‘chadan devor osha hovliga sakrab tushdi: darvozadan kirishga qo‘rqdi — tag‘in Gerasimga duch kelib qolmay, deb.
Biroq uning xavotiri behuda edi: Gerasim hovlida allaqachon yo‘q edi. Uydan chiqishi bilanoq u Mumuni yo‘qotib qo‘yganini sezdi; uning qaytishini kutmay ketgan payti hali hech eslolmasdi. U har yoqqa yugurib, uni qidira, o‘zicha chaqira boshladi... o‘z hujrasiga, pichanxonaga otildi, ko‘chaga sakrab chiqdi — u yoqqa, bu yoqqa... Yo‘q bo‘ldi! U odamlarga murojaat qilib, eng umidsiz ishoralar bilan undan so‘rar, yerdan yarim gaz balandlikni ko‘rsatar, qo‘llari bilan uning qiyofasini chizardi... Ba’zilar Mumu qayoqqa yo‘qolganini chindan ham bilmas, faqat bosh chayqashardi, boshqalar bilishar va javoban unga kulimsirab qo‘yishardi; uy boshqaruvchisi esa g‘oyat jiddiy qiyofaga kirib, aravakashlarga baqira boshladi. Shunda Gerasim hovlidan chopib chiqib ketdi.
U qaytganda qosh qoraya boshlagan edi. Uning holdan toygan qiyofasiga, chalkash yurishiga, chang bosgan kiyimiga qarab, u Moskvaning yarmini aylanib chiqqan bo‘lsa kerak, deb taxmin qilish mumkin edi. U xo‘jayinlar derazalari qarshisida to‘xtab, yettitacha hovli xizmatkori to‘planib turgan ayvonga nazar tashladi, so‘ng teskari o‘girilib, yana bir bor mo‘ng‘illadi: «Mumu!» Mumu javob bermadi. U nari ketdi. Hamma uning ortidan qarab qoldi, ammo hech kim jilmaymadi, bir og‘iz so‘z aytmadi... qiziquvchan otboqar Antipka esa ertasiga ertalab oshxonada soqov tuni bilan ingrab chiqdi, deb hikoya qildi.