Gulzor — chaman...
Gulzor — chaman. Yur bog‘larga Eltay yetaklab. Binafshalar terib beray Senga etaklab...
Chakkangga taq! To‘lib tursin Oydek yuzlaring. Kunday yorug‘, tunday qora Ekan ko‘zlaring.
Tingla, erkam, o‘rtog‘imsan, Ko‘nglimni ochay, Qonim she’r bo‘lib oqsin-da, Men qayta ichay.
Istaymanki, oqar qonim Tamom bo‘lmasin, Istaymanki, sevar yorim Tashlab ketmasin.
Chunki, do‘stlik mehri bilan Shodligim o‘sar. U har qachon yonboshimda Soyamday yurar.
U sen, qo‘zim. Yur, bog‘larga Eltay yetaklab. Binafshalar terib beray Senga etaklab.
Bu shoir, - deb, - bu yengil, - deb Asti o‘ylama! O‘pgan o‘pichlarim haqqi Inontiraman.
Agar, darkor bo‘lsa har choq, Chorlasa Vatan, Qo‘lyozmalarimni tashlab, Shinel kiyaman.
Uddasidan chiqolmasam Ahdimni, unda — Brauningni qo‘limga ber, Qop-qora tunda.
O‘z jazomni o‘zim beray, Azob-la o‘lay... Yo‘q!.. Hamdam bo‘l, qo‘limdan tut, Janglarga kiray!
1934