Dengizga
Oq dengiz, yaxshi qol! Yaxshi qol, Shimol! Ko‘nglimda ishqingni olib qaytaman. Sochimni o‘ynaydi muzdek sho‘x shamol, Men unga dardimni qanday aytaman?
Kechqurun qirg‘oqda aylanib tanho Sevdim, sevib qoldim to‘lqinlaringni. Oyni cho‘miltirgan tinch tunlaringni Tushimda ko‘rganda ne qilarman, o?
O’ynagil so‘ng marta, chayqal, erkalan! Armonim qolmasin ketar oldimda. Bag‘ringda baliqday yuzgan oq yelkan Bir umr sayr etgay mening yodimda...
Yaxshi qol, erkin suv! Yaxshi qol, dengiz! To‘lqinlar, qo‘ynimga qizday kirdingiz...