Burun
Zenchi Naygu degan rohibning burnini Ikenoo shaharchasida bilmaydigan odam yo‘q. Uzunligi besh-olti qarich keladi, yuqori labining ustidan boshlanib, iyagining tagigacha osilib tushadi. Shakli boshida ham, uchida ham birdek yo‘g‘on. Boshqacha aytganda, yuzning qoq o‘rtasidan xuddi ingichka uzun kolbasaga o‘xshash bir narsa salqib osilib turadi.
Ellik yoshdan oshgan naygu hali yosh shogird rohib bo‘lgan paytlaridan to saroy ibodatxonasi xizmatchisi lavozimiga ko‘tarilgan bugungi kunigacha ichida doimo shu burni dardida qiynalib kelardi. Albatta, sirtdan u hozir ham bunga unchalik ahamiyat bermaydigandek, parvosiz qiyofada yurardi. Bu faqat kelajakdagi jannatni chin dildan orzu qilishi lozim bo‘lgan rohib holida burun tashvishini qilish yaxshi emas, deb o‘ylagani uchungina emasdi. Undan ko‘ra ko‘proq burnidan tashvishlanayotganini boshqalar bilib qolishini yoqtirmagani uchun edi. Naygu kundalik suhbatlarda «burun» degan so‘z tilga olinishidan hammadan ham ko‘proq qo‘rqardi.
Nayguning burnidan bezor bo‘lishining ikki sababi bor edi. Biri amaliy sabab — burnining uzunligi noqulay edi. Avvalo ovqatni yolg‘iz o‘zi yeya olmasdi. Yolg‘iz yesa, burnining uchi kosadagi guruchga tegib ketardi. Shuning uchun naygu shogirdlaridan birini dasturxonning narigi tomoniga o‘tqazib, ovqat yeyayotgan butun vaqt davomida eni bir barmoq, bo‘yi ikki qarichcha keladigan taxtacha bilan burnini ko‘tarib turishni buyurdi. Ammo shu tarzda ovqatlanish ko‘tarib turgan shogird uchun ham, ko‘tarilib turgan naygu uchun ham sira oson ish emasdi. Bir kuni bu shogirdning o‘rnini bosgan xizmatkor bola aksirib yuborib, qo‘li titrab ketgani va burunni bo‘tqaga tushirib yuborgani haqidagi gap o‘sha paytlarda poytaxt Kiotogacha ovoza bo‘lib ketgan edi. Lekin bu naygu uchun burnidan qiynalishining asosiy sababi emasdi. Naygu aslida shu burun tufayli yaralanadigan izzat-nafsi uchun azob chekardi.
Ikenoo aholisi bunday burunli Zenchi Naygu haqida, yaxshiyamki, u dunyoviy odam emas, rohib ekan, deyishardi. Bunaqa burun bilan unga hech bir ayol turmushga chiqmasdi, deb o‘ylashardi. Ba’zilar hatto: «Shu burni uchun rohib bo‘lgandir-da», deb gapirishardi. Ammo naygu o‘zi rohib bo‘lgani tufayli bu burundan chekadigan azobi zarracha ham kamaygan deb o‘ylamasdi. Nayguning izzat-nafsi uylanish-uylanmaslik kabi tashqi oqibatlarga bog‘lanib qoladigan darajada qo‘pol emas, aksincha, juda nozik qilib yaratilgan edi. Shu bois naygu bu izzat-nafsi jarohatini ham faol, ham sust yo‘llar bilan davolashga urinib ko‘rdi.
Nayguning birinchi o‘ylagani bu uzun burunni aslidagidan kaltaroq ko‘rsatish yo‘li bo‘ldi. Atrofda hech kim yo‘q paytlarda u ko‘zguga qarab, yuzini turli burchaklardan ko‘rib, astoydil bosh qotirardi. Ba’zan yuzining holatini o‘zgartirishning o‘zi bilan ko‘ngli tinchimay, iyagini qo‘liga tirab yoki barmog‘ini iyagi uchiga qo‘yib, sabr-toqat bilan ko‘zguga tikilardi. Ammo o‘zi ham qanoat qiladigan darajada burni kalta ko‘ringan holat hozirgacha bir marta ham bo‘lmagan edi. Ba’zan, qanchalik urinsa, burni shunchalik uzunroq ko‘rinayotgandek ham tuyulardi. Bunday paytlarda naygu ko‘zguni qutisiga solar ekan, go‘yo yangidan bilgandek chuqur xo‘rsinib, istar-istamas yana sutralar o‘qiladigan stoliga — Kannon sutrasini o‘qishga qaytardi.
Bundan tashqari naygu doimo boshqalarning burniga e’tibor berardi. Ikenoodagi ibodatxonada tez-tez rohiblarga ziyofatlar, va’zlar o‘tkazilib turardi. Ibodatxona hovlisida rohiblarning hujralari zich qurilgan, hammomda esa rohiblar har kuni suv isitishardi. Shuning uchun bu yerga keluvchi rohib-u dunyoviy odamlar juda ko‘p edi. Naygu bu odamlarning yuzlarini sabr-toqat bilan birma-bir ko‘zdan kechirardi. Hech bo‘lmasa bitta o‘ziniki kabi burunli odamni topib, ko‘nglini xotirjam qilmoqchi edi. Shuning uchun nayguning ko‘ziga na to‘q ko‘k ov kiyimi, na oq yupqa kimono ilinardi. Sarg‘ish qalpoqlar yoki kulrang rohib liboslari esa ko‘zi o‘rganib qolgani uchun bor ham, yo‘q ham edi. Naygu odamga emas, faqat burunga qarardi. Ammo qayrilgan, burgutburun odamlar uchrasa ham, nayguniki kabi burun bittasida ham topilmadi. Topilmagani sari nayguning ko‘ngli yana asta-sekin xira bo‘lib borardi. Naygu birov bilan gaplashib turib, osilib turgan burnining uchini beixtiyor chimchilab ko‘rib, yoshiga yarashmay qizarib ketishi ham butunlay shu ko‘ngilsizlik ta’siri edi.
Nihoyat, naygu buddaviy va boshqa kitoblardan o‘ziga o‘xshash burunli odamni topib, hech bo‘lmasa shu bilan ko‘nglini bir oz ovuntirmoqchi ham bo‘ldi. Lekin Mokuren yoki Sharihotsu degan avliyolarning burni uzun bo‘lgani haqida hech qaysi sutrada yozilmagan edi. Albatta, Ryuju bilan Memyo ham odamlarnikidek oddiy burunli bodhisattvalar edi. Naygu Xitoy haqidagi hikoyalar orasida Shu-Xan podshosi Lyu Beyning quloqlari uzun bo‘lgani haqida eshitganida, agar o‘sha quloq emas, burun bo‘lganida, ko‘ngli qanchalik taskin topardi-ya, deb o‘ylagan edi.
Naygu shunday sust urinishlar qilish bilan birga, burnini kaltalashning faol yo‘llarini ham sinab ko‘rganini bu yerda alohida aytib o‘tirishning hojati yo‘q. Naygu bu borada ham qo‘lidan kelgan hamma ishni qildi. Yovvoyi qovoqni qaynatib ichib ko‘rdi. Sichqonning siydigini burniga surib ham ko‘rdi. Ammo nima qilmasin, burni avvalgidek besh-olti qarichlik uzunligi bilan labining ustida salqib osilib turaverdi.
Bir yili kuzda nayguning ishi bilan poytaxtga borgan shogird rohib tanish tabibdan uzun burunni kaltalash usulini o‘rganib keldi. U tabib aslida Xitoydan kelgan odam bo‘lib, o‘sha paytda Chorakuji ibodatxonasida xizmat qilardi.
Naygu odatdagidek burnimga parvo qilmayman, degan qiyofada, bu usulni darhol sinab ko‘raylik, deb aytmay turdi. Boshqa tomondan, beparvo ohangda har ovqat payti shogirdni ovora qilishdan noqulay bo‘layotganini gapirdi. Ichida esa, albatta, shogird rohib uni ko‘ndirib, bu usulni sinab ko‘rishga majbur qilishini kutib turardi. Shogird rohib ham nayguning bu hiylasini tushunmasligi mumkin emasdi. Ammo bu hiylaga norozilikdan ko‘ra naygu shunday hiyla ishlatishga majbur bo‘layotgan ko‘ngil holati shogirdning hamdardligini kuchliroq qo‘zg‘atgan bo‘lsa kerak. Shogird rohib nayguning kutganidek, astoydil bu usulni sinab ko‘rishni maslahat bera boshladi. Naygu ham o‘z kutganidek, oxiri bu qizg‘in maslahatga ko‘ndi.
U usul juda oddiy edi: burunni qaynoq suvda pishirib, keyin uni birovga oyog‘i bilan bostirish kerak edi, xolos.
Suvni ibodatxona hammomida har kuni isitishardi. Shogird rohib barmoq tiqib bo‘lmaydigan darajada qaynoq suvni darhol ko‘zachaga solib, hammomdan olib keldi. Ammo burunni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘zachaga tiqsa, bug‘ yuzini kuydirib yuborishi mumkin edi. Shuning uchun patnisni teshib, uni ko‘zachaga qopqoq qilishdi va o‘sha teshikdan burunni qaynoq suvga botirishdi. Burunning o‘zini bu qaynoq suvga botirganda ham zarracha issiq sezilmasdi. Bir ozdan so‘ng shogird rohib dedi:
— Endi pishgan bo‘lsa kerak.
Naygu achchiq jilmaydi. Faqat shu gapni eshitgan odam bu burun haqida ketayotganini xayoliga ham keltirmasa kerak, deb o‘yladi. Qaynoq suvda bug‘langan burun burga chaqqandek qichishardi.
Naygu patnis teshigidan burnini chiqargach, shogird rohib hali ham bug‘ chiqib turgan burunni ikki oyog‘iga kuch berib bosa boshladi. Naygu yonboshlab yotib, burnini pol taxtasi ustiga cho‘zgancha, shogirdning oyoqlari tepaga-pastga harakat qilayotganini ko‘z oldida ko‘rib yotardi. Shogird rohib ba’zan achinganday qiyofada nayguning taqir boshiga tepadan qarab, shunday derdi:
— Og‘rimayaptimi? Tabib qattiq bosing, degan edi. Ammo og‘rimayaptimi?
Naygu og‘rimayapti, degan ma’noda bosh chayqamoqchi bo‘ldi. Ammo burni bosib turilgani uchun boshi istaganidek qimirlamadi. Shunda ko‘zlarini yuqoriga qaratib, shogirdning oyoqlari yorilib ketganiga tikilgancha, jahli chiqqan ovoz bilan:
— Og‘rimayapti, — deb javob berdi.
Darhaqiqat, burunning qichigan joyi bosilayotgani uchun og‘riqdan ko‘ra hatto yoqimli ham edi.
Bir muddat bosib turilgach, nihoyat burunda tariq donasiga o‘xshash narsalar paydo bo‘la boshladi. Bu xuddi patini yulib, butunligicha qovurilgan qushchaga o‘xshardi. Buni ko‘rgan shogird rohib oyog‘ini to‘xtatib, o‘ziga o‘zi gapirgandek dedi:
— Buni qisqich bilan sug‘urib olish kerak deyishgan edi.
Naygu norozi bo‘lib lunjini shishirgancha, indamay shogirdning ixtiyoriga qo‘yib berdi. Albatta, shogirdning mehribonligini tushunmagan emasdi. Tushunsa ham, o‘z burnini xuddi qandaydir buyumdek muomala qilishlari unga yoqimsiz tuyulardi. Naygu ishonmagan tabibdan operatsiya qilinayotgan bemordek qiyofada, shogird rohib burnidagi teshikchalardan qisqich bilan yog‘ni sug‘urib olayotganini istamaygina kuzatib yotdi. Yog‘ qush patining sopiga o‘xshash shaklda, to‘rt-besh tirnoqcha uzunlikda sug‘urilib chiqardi.
Bu ish bir yoqlik bo‘lgach, shogird rohib yengil nafas olgandek qiyofada:
— Endi buni yana bir marta pishirsak bo‘ldi, — dedi.
Naygu hamon qoshlarini chimirgancha, norozi qiyofada shogirdning aytganini qildi.
Ikkinchi marta pishirilgan burunni chiqarib qarasalar, haqiqatan ham, hech qachongidek kalta bo‘lib qolibdi. Endi oddiy qayrilgan burundan unchalik farqi yo‘q edi. Naygu kaltalashgan burnini silab, shogird tutgan ko‘zguga uyalinqirab, qo‘rqa-pisa qaradi.
Burun — iyagi tagigacha osilib turgan o‘sha burun — xuddi yolg‘ondek qisqarib, endi yuqori labining ustida zo‘rg‘a jon saqlab turardi. U yer-bu yeri ola-bula qizarib turgani bosilgan paytdagi izlar bo‘lsa kerak. Endi uning ustidan hech kim kulmasligi aniq. Ko‘zgu ichidagi nayguning yuzi ko‘zgu tashqarisidagi nayguning yuziga qarab, mamnun ko‘z qisib qo‘ydi.
Ammo o‘sha kuni hali ham burun yana uzayib qolmasmikan, degan xavotir bor edi. Shuning uchun naygu duo o‘qiyotganda ham, ovqat yeyayotganda ham, fursat topdi deguncha qo‘lini cho‘zib, burnining uchini sekingina ushlab ko‘rardi. Ammo burun odob bilan labining ustida turar, undan pastga osilib tushadiganga o‘xshamasdi. Keyin bir kecha uxlab, ertasiga erta uyg‘ongach, naygu eng avval burnini silab ko‘rdi. Burun hamon kalta edi. Shunda naygu ko‘p yillardan beri birinchi marta, Nilufar sutrasini ko‘chirib yozib savob orttirgan paytdagidek, yayrab ketdi.
Biroq ikki-uch kun o‘tar-o‘tmas naygu kutilmagan bir holatni payqab qoldi. O‘sha kunlari biror ish bilan Ikenoo ibodatxonasiga kelgan bir samuray avvalgidan ham kulgiliroq qiyofada, gapni ham doimgidek qilmay, nayguning burniga tikilib turaverdi. Faqat shu emas, bir vaqtlar nayguning burnini bo‘tqaga tushirib yuborgan xizmatkor bola va’zxona tashqarisida naygu bilan to‘qnash kelganda, avval boshini quyi solib kulgisini bosib turdi, keyin oxiri chidolmay, birdan «pix» etib kulib yubordi. Ish buyurilgan quyi martabali rohiblar yuzma-yuz turganlarida odob bilan tinglab, naygu orqasiga o‘girilishi bilan xixirlab kulishgani ham bir-ikki marta bo‘lmadi.
Naygu avvaliga buni yuzim o‘zgargani uchun, deb tushuntirdi. Ammo faqat shu bilan yetarlicha izohlab bo‘lmaydiganga o‘xshardi. Albatta, xizmatkor bola-yu quyi rohiblar kulishining sababi shunda ekani aniq. Lekin kulishsa ham, burni uzun bo‘lgan paytdagiga qaraganda kulishlarida qandaydir boshqacha bir narsa bor edi. Ko‘zi o‘rgangan uzun burundan ko‘ra ko‘zi o‘rganmagan kalta burun kulgiliroq ko‘rinadi, desa, gap shu bilan tamom. Ammo bunda yana nimadir bor ekanga o‘xshardi.
— Ilgari bunchalik betakallufona kulishmasdi-ku...
Naygu o‘qiyotgan sutrasini to‘xtatib, taqir boshini egib, ba’zan shunday deb ming‘irlab qo‘yardi. Shunday paytlarda sevimli naygu albatta yonida osig‘liq turgan Fugen bodhisattvasining suratiga ma’nosiz tikilib, burni uzun bo‘lgan to‘rt-besh kun oldingi paytlarni eslar va «endi xor-zor ahvolga tushgan odam o‘zining gullab-yashnagan o‘tmishini qo‘msagandek» ma’yus tortib qolardi. Afsuski, nayguda bu savolga javob topadigan zehn yetishmasdi.
Inson qalbida bir-biriga zid ikki tuyg‘u bor. Albatta, o‘zgalarning baxtsizligiga hamdard bo‘lmaydigan odam yo‘q. Ammo o‘sha odam qandaydir yo‘l bilan o‘z baxtsizligidan qutulib chiqsa, endi bu tomonda negadir qandaydir yetishmovchilik tuyg‘usi paydo bo‘ladi. Biroz mubolag‘a qilib aytganda, o‘sha odamni yana bir marta o‘sha baxtsizlikka solib ko‘rgisi ham keladi. Va qachondir, sust bo‘lsa-da, o‘sha odamga nisbatan qandaydir adovat saqlaydigan bo‘lib qoladi. Naygu sababini bilmasa ham, negadir ko‘ngli xira bo‘lganining sababi — Ikenoodagi rohib-u dunyoviy odamlarning munosabatida mana shu tomoshabinning xudbinligini allaqanday sezib qolgani edi.
Shunday qilib, nayguning kayfiyati kundan-kunga yomonlashib bordi. Har ikki gapning birida kim bo‘lsa ham yomon niyat bilan koyib tashlardi. Oxiri burnini davolagan o‘sha shogird rohib ham: «Naygu dinni xasislik qilgan gunohi uchun jazo oladi», deb orqavorotdan gapiradigan bo‘ldi. Ayniqsa nayguning jahlini chiqargan o‘sha sho‘x xizmatkor bola bo‘ldi. Bir kuni qattiq it vovullagan ovoz eshitilib, naygu beixtiyor tashqariga chiqib qarasa, xizmatkor bola ikki qarichcha keladigan yog‘och bo‘lagini silkitib, uzun junli, ozg‘in bir kuchukni quvib yuribdi. Shunchaki quvib yurgani ham yo‘q. «Burningga urmayinmi! Ana, burningga urmayinmi!» deb masxara qilib quvib yuribdi. Naygu xizmatkor bolaning qo‘lidan o‘sha yog‘och bo‘lagini yulib oldi-da, uning yuziga qattiq urdi. Yog‘och bo‘lagi esa avvalgi burun ko‘taradigan taxtacha edi.
Naygu endi burni bekorga kaltalashganidan nolib qoldi.
Shunday kunlarning birida, bir kecha edi. Kun botgach, birdan shamol turgan shekilli, minora qo‘ng‘iroqchalarining jiringlagan ovozi bezor qiladigan darajada yostig‘iga eshitilib turardi. Buning ustiga havo ham ancha sovib ketgani uchun keksa naygu qancha urinmasin, uxlay olmasdi. Shunda o‘rnida ko‘zlarini ochib yotib, birdan burni odatdagidan boshqacha qichiyotganini sezib qoldi. Qo‘lini tekkizib ko‘rsa, sal suv yig‘ilgandek shishibdi. U joyda hatto isitma ham bor shekilli.
— Zo‘rlab kaltalaganimiz uchun kasal bo‘lib qoldimi, deyman.
Naygu Budda oldiga tutatqi va gul qo‘ygandek ehtirom bilan burnini ushlab, shunday deb pichirladi.
Ertasiga erta tongda naygu odatdagidek erta uyg‘onib qarasa, ibodatxona hovlisidagi ginkgo va kashtan daraxtlari bir kechada barglarini to‘kkani uchun hovli oltin to‘shalgandek yorishib turibdi. Minora tomiga qirov tushgan bo‘lsa kerak. Hali xira tong quyoshida minoraning tepasidagi to‘qqiz halqali uchi ko‘zni qamashtirib yaltirardi. Zenchi Naygu darcha qopqog‘i ko‘tarilgan ayvonda turib, chuqur nafas oldi.
Deyarli unutib yuborayozgan bir tuyg‘u nayguga yana qaytib kelgani shu payt bo‘ldi.
Naygu shosha-pisha burniga qo‘l uzatdi. Qo‘liga tekkan narsa kechagi kalta burun emasdi. Yuqori labining ustidan iyagi tagigacha besh-olti qarich osilib turgan o‘sha avvalgi uzun burun edi. Naygu burni bir kechada yana avvalgidek uzayib qolganini bildi. Va shu bilan birga, burni kaltalashgan paytdagidek yayrash tuyg‘usi allaqayerdan qaytib kelayotganini his qildi.
— Endi hech kim ustimdan kulmasa kerak.
Naygu ichida o‘ziga o‘zi shunday deb pichirladi — uzun burnini tong saharidagi kuz shamolida tebratgancha.