Yana o‘t

Yana tegramda o‘t, olov, uchqun; Yana ko‘klarda sor va burgutlar; Yana qo‘zg‘almoq oldida tutqun, Yana sarhadda «Ur, yiqit, tut!»lar.

U og‘ir zanjiringni shaldiratib, Qari Sharq, sen-da qo‘zg‘alursanmi? Uyushiq qo‘llaringni qaltiratib, «Madaniyat»ga shop solursanmi?

Yoki o‘tgandagi erinchaklik Yana yillarcha tebratarmi seni? Yoki bir hovliqar-da erkaklik, Qonli maydonga tezlatarmi seni?

Qo‘zg‘alib ketganingni bir ko‘rsam, «Qutularman!» degan ishonch bo‘lsa. Kishaning parcha-parcha to‘g‘ralsa, Qutulish izlaringga yuz sursam!

Ruhi yo‘q bir «mashina» oldinda Nega yerlar qadar tubanlanding? Nega jonsiz temirga bog‘landing? Xorlanish shunchalarmi insonda?

Yana har yonda o‘t va uchqunlar, Yana qo‘zg‘aldi qonli to‘lqinlar!..

Toshkent. 1923, 26–may