Bo‘ri va turna

Bo‘ri ochko‘zlik bilan go‘sht yeb, tomog‘iga suyak tiqilib qoldi. U og‘riqdan ingrab, hamma hayvonlarga yolvordi:

— Kim suyakni chiqarib bersa, uni katta mukofotlayman!

Turna rahmi kelib, rozi bo‘ldi. U uzun bo‘ynini bo‘rining og‘ziga tiqdi va tumshug‘i bilan suyakni sug‘urib oldi.

— Endi va’da qilingan mukofotimni bering, — dedi turna.

Bo‘ri tishlarini irjaytirdi:

— Qanday mukofot? Boshingni bo‘ri og‘ziga tiqib, sog‘-salomat olib chiqding — shuning o‘zi senga katta mukofot emasmi?

Hikmat: Yovuz odamga yaxshilik qilsang, uning yomonligidan omon qolganingga shukr qil — undan minnatdorchilik kutma.