Chumoli va ninachi

Butun yoz ninachi o‘tloqlarda kuylab, raqs tushib yurdi. Quyosh issiq, gul ko‘p, ovqat mo‘l edi — u ertangi kun haqida o‘ylamasdi ham.

Uning yonidan chumoli har kuni og‘ir don ko‘tarib, terlab-pishib o‘tardi.

— Nega bunchalik qiynalasan? — kulardi ninachi. — Qara, havo qanday ajoyib! Kel, men bilan o‘yna, kuyla!

— Qish uchun g‘amlayapman, — derdi chumoli. — Senga ham shunday qilishni maslahat beraman.

— Qish hali uzoq! — derdi ninachi va yana kuylashga tushardi.

Kuz o‘tib, qish keldi. Dalalarni qor qopladi. Ninachi sovuqdan qotib, ochlikdan holdan toyib, chumolining uyiga keldi va eshigini taqillatdi.

— Ozgina don ber, och qoldim, — yolvordi u.

— Yozda nima qilding? — so‘radi chumoli.

— Kuyladim, raqs tushdim, vaqtim ham bo‘lmadi...

— Yozda kuylagan bo‘lsang, endi qishda raqs tushaver, — dedi chumoli.

Hikmat: Bugun ertangi kun uchun ishlagan odam muhtojlik kunida qiynalmaydi.