Bo‘ri keldi deb qichqirgan cho‘pon

Qishloq chetida bir cho‘pon bola qo‘y boqardi. Kun bo‘yi yolg‘iz o‘tirish unga zerikarli tuyulardi. Bir kuni u ermak uchun qishloq tomonga qarab baqirdi:

— Bo‘ri! Bo‘ri keldi! Qutqaringlar!

Qishloq odamlari qo‘llarida tayoq, bolta bilan yugurib kelishdi. Kelib qarashsa — bo‘ri yo‘q, bola esa ularning hansirab kelganini ko‘rib qotib-qotib kulyapti.

Bir necha kundan keyin u yana shunday qildi. Odamlar yana yugurib kelishdi va yana aldanib qaytishdi.

Bir kuni kechqurun o‘rmondan chindan ham bo‘ri chiqib keldi va suruvga tashlandi. Bola jon holatda qichqirdi:

— Bo‘ri! Bo‘ri! Rostdan ham bo‘ri keldi! Yordam beringlar!

Ammo bu safar hech kim kelmadi. «Yana hazil qilyapti», — deyishdi odamlar va o‘z ishlari bilan bo‘lishdi. Bo‘ri esa xohlagancha qo‘y so‘yib ketdi.

Hikmat: Yolg‘onchi rost gapirganda ham unga hech kim ishonmaydi.