23. Hazrati Uzayr va Doniyol alayhissalom

Bani Isroilni yomon ishlarni qilurlari, ustlariga yuborilgan payg‘ambarlarga jafo qiluvlari boshlariga balo bo‘lub, Janobi Haq Bobil shahrining podshohi Buxtunnasrni ustlariga yubordi. Buxtunnasr Bani Isroil davlatini buzub, Quddusi sharifni olub, Bayt ul-muqaddasni xarob qilub, Bani Isroil ulug‘larin asir qilub Bobilga keturdi. Alarning arosinda Hazrati Uzayr ila Doniyol alayhissalomlar ham bor edilar.

Bani Isroil bir necha vaqt Bobilda asir bo‘lub qoldilar. Kaldoniya davlati buzulgandin so‘ng asirliqdan qutilub, o‘z mamlakatlariga kelub, Bayt ul-muqaddasni yangidin bino qildilar. Tavroti sharif yodlarindin chiqmish, Tavrot, nusxalari Buxtunnasr tarafidin o‘tga yoqilmish, avvaldig‘indin bir nusxa ham qolmamish edi. Uzayr alayhissalom Tavrotni yoddin o‘qub, yozdurub tarqatdilar.