36. Madina Xalqining Shodligi

Faxri olam afandimizning Makkadin chiqub, Madinaga yaqin kelub yetganlari Madina ahliga ma’lum bo‘ldi. Alardagi shodlik ta’rifdin tashqari edi. Qarshi olmak uchun har kun erta birlan shahardin chiqub, jonlarindin aziz mehmonlarini tush vaqtigacha kutub, qaytub ketmoqda edilar.

Bir kun yo‘lchilardin biri: «Siz kutmakda o‘lan mehmoningiz kelurlar», dedi. Bu xabarni eshitub, boshyalang, oyoqyalang, eru xotun, yoshu qari birdin yugurub, butun Madina xalqi oldilariga chiqub, Harra ismli yerda qarshu oldilar. Rasuli akram (s.a.v.) afandimizning atroflarin qurshab olub, tevalarin tizginin bir-birlari ila talashub, xursandliklarindin she’ru takbirlar aytishub, saltanat ila Madinaga olub kirdilar.

Ajabo! O’z vatandoshlari qirq yildin beri yashamaqda o‘lan vatanlarinda sig‘dirmasdin hijratga majbur qilg‘onlarinda chet kishilar xoki poylarini ko‘zlariga to‘tiyo va qadamlari ustinda jonlarini fido qildilar.

Faxri olam afandimiz Madinaga kirub, tevalarin o‘z holiga qo‘ydilar. Tevalari Ayyub Ansoriyning uylari yoninda cho‘qdi. Shul yerni vatan qilub, Masjidi haramni bino qildilar. Bir necha kun o‘tgandin so‘ng kishi yuborub, qarindosh va uy ichlarini Makkadin oldirub keldilar.

Musulmonlarning adadlari kundin kun ortub, namozlarin azon va jamoat ila o‘qiy boshladilar. Madina xalqi Yasrib ismli shaharlariga tabarrukan Madinat ul-rasul deb nom qo‘ydilar.

Hijratni ikkinchi yili qibla olishinub, Makka shahrindagi Ka’ba ismli muborak uy tarafiga qarab namoz o‘qurg‘a farmon keldi. Mundin avval namozlarin Bayt ul-muqaddasga qarab o‘qur edilar. Shul vaqtlarda ramazon oyinda ro‘za tutmak va zakot bermak farz bo‘ldi. Sadaqayi fitr va iyd namozlari vojib bo‘ldi. Mushrik va munofiq dushmanlar ila urush qilurga amr keldi.