42. Umrai Faxri Olam

Hijratning yettinchi yili zulqa’da oyinda Hudaybiya ahdnomasiga muvofiq Rasuli akram afandimiz umra qilmak uchun 2000 qadar sahobalar ila Makkaga qarab yurdilar. Jafokor Quraysh mushriklari qoshinda saltanat ila Ka’bai muazzamani tavof-ziyorat qilub, umrani tamom qilub, Madinaga qaytdilar.

Hijratning sakkizinchi yili Mo‘‘ta safari bo‘ldi. Mushriklar Hudaybiya ahdnomasin buzganlari uchun ramazon oyinda o‘n ming qadar sahoba ila Makka shahriga qarab yurdilar. Bavo’ ismli yerga yetganlarinda Quraysh ulug‘larindin Xolid ibn Valid, Amr ibn Al Os, Usmon ibn Abu Talxalar kelub, imon keturdilar. Bir kech Makkaga yaqin Marr uz-zahron ismli yerga yetganlarinda Makka mushriklari lashkari islomdin xabar oldirmak uchun Abu Sufyon ila bir necha kishini yuborgan edilar. Musulmonlarning poyloqchilari bularni tutub, Faxri olam afandimiz qoshlariga keturdilar. Abu Sufyon ibn Harb darhol musulmon bo‘ldi. Rasuli akram afandimiz musulmonlar ila birga har tarafdin Makkaga qarab yugurushub, 12-ramazonda jum’a erta birlan Inno fatahno (tarjimasi: «Biz (sizga) ochiq ravshan fath-g‘alaba ato etdik») surasini o‘qug‘on hollarinda Makkai mukarramani oldilar. Ka’bai muazzamani sanamlardin, butlardin poklab, takbir aytub, Baytullohga kirdilar. Bu xursandlik mo‘‘minlarni shodlik ila, mushriklarni g‘amu anduh ila yig‘latmoqda, yuraklarin daraxt yaprog‘lari kabi titratmoqda edi. Zamoni johiliyatda jafokor mushriklarning musulmonlarga qilgan jabr-jafolari, jonlarindin sevikli vatanlarindin har tarafga surganlari yodlariga tushub, qilgan zulmlarin barobarina qanday hukmlar bo‘lur ekan deb termulib turmakda edilar. Mana shul vaqt Rasuli akram (s.a.v.) afandimiz afv e’lon qilub, hamma mushriklarni shod va g‘am balosidin ozod qildilar. Bu qadar olijanoblik, bu qadar lutf-marhamat va adolatlarin ko‘rgan ko‘b mushriklar dini islom ila musharraf bo‘ldilar.

Shul kun Hazrati Bilol Ka’ba ustina chiqub, qichqirub azon aytdilar. Payg‘ambarimiz Ka’bai muazzamada imom bo‘lub, jamoat ila namoz o‘qudilar. Faxri olam afandimiz ta’sirlik xutbalar o‘qub, shariat hukmlarin bayon qilub, dunyo va oxiratga kerakli nasihatlar qildilar. Bu zamondin boshlab Makka mushriklarin quvvatlari qolmay, musulmonlar ila do‘st bo‘lub yashamakg‘a boshladilar.