50. Xilofati Hazrati Umar

Hazrati Umar xalifa bo‘lub turg‘an zamonlarinda islom askari nihoyatda quvvat topub, ko‘b shaharlarni oldilar. Sa’d ibn Abu Vaqqosni bosh qilub, o‘n ming askar birla Frot shahriga yaqin Qodisa ismli yerda ajamlar ila urush bo‘ldi. Bu urushda ajamlarning askarboshi Rustam o‘ldi. Darafshi Koviyon ismli bayroqlari qo‘lga olindi. Kisrolarning poytaxti bo‘lgon Madoyin shahri ham olinub, xazinasi Makkaga keturildi. Butun Eron mamlakati dorulislom bo‘ldi. Bundin borub, yetmish kun qamab, Shom shahrini oldilar.

Falastinga yuborilmish Amr ibn Al Os Rum askarini buzub, Nobilis, Yofa, G’azo shaharlarini oldilar. Rum askari qochub, Quddus shahriga kirub bekindilar. Quddus xalqi «urushsiz bo‘yinsunadurmiz», deb Hazrati Umarni chaqirdilar. Hazrati Umar bir qul birla navbatma-navbat bir tevaga minub, Quddusga kirib bordilar. Shaharga kirganlarinda qul tevada, Hazrat piyoda edilar. Kuddus xalqlarini kattalari ila so‘zlashub, o‘zlariga tobe’ qilub, idora ishlarin o‘z qo‘llariga topshirub, Madinaga qaytdilar.

Hazrati Umar nihoyatda o‘tkur shijoatlik, adolatlik, kishi ko‘ngliga qaramay shariatga qaragan, shariatdin bir qilcha ayrilmagan bir zot edilar. 10 yildin ziyodroq xalifa-lik qilub, 55 yoshlarinda, hijratning 23-yilinda, zulhijja oyinda Abu Lo‘‘lu’ degan bir qul tarafindin shahid bo‘ldilar. Qabri shariflari Madinai munavvarada, hujrai saodatdadur (Raziyallohu anhu).